Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzali kirish qismigacha avtomobilda borish imkoni yaratildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati Gazeta’ga xabar berdi.

Endilikda vokzalga keluvchi yo‘lovchilar, ularni olib kelayotgan shaxsiy avtomobillar, taksilar va boshqa transport vositalari to‘g‘ridan to‘g‘ri vokzal kirish eshigiga qadar harakatlanishi va yuk hamda yo‘lovchilarni tushirib ketishi mumkin.

Bunda quyidagi tartib belgilangan:

  • 5 daqiqa ichida kirib-chiqish — bepul;

  • 5 daqiqadan 10 daqiqagacha — belgilangan to‘lov asosida;

  • 10 daqiqadan oshgan holatlarda — jarima qo‘llaniladi.

Jarimalar inson omilisiz, maxsus kameralar orqali aniqlanadi va rasmiylashtiriladi.

Hozirda vokzal oldi yo‘lagi qurib, sinov tarzida ishga tushirilgan. Shuningdek, kirish va chiqish qismlarida shlagbaumlar va videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llarining ma’lum qilishicha, mamlakatdagi boshqa yirik shaharlardagi temir yo‘l vokzallari ham bosqichma-bosqich aynan shu tizimga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu borada maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.


Avvalroq Spot Toshkent Shimoliy vokzalida yo‘lovchilar uchun turniketlar ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Ushbu turniketlar elektron chiptalardagi QR-kodni skaner qilib, chipta haqiqiy bo‘lsa, yo‘lovchini perronga chiqishga ruxsat beradi.