Toshkent-Markaziy vokzalida chiptalar haqiqiyligini tekshiruvchi turniketlar ishga tushdi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu turniketlar elektron chiptalardagi QR-kodni skaner qilib, chipta haqiqiy bo‘lsa, yo‘lovchini perronga chiqishga ruxsat beradi.
Soxta yoki qaytarilgan chiptaga ega bo‘lgan yo‘lovchilarga esa poyezdga chiqishga taqiq o‘rnatadi.
Yil oxirigacha chiptaxonalardan rasmiylashtiriladigan chiptalar ham elektron ko‘rinishga o‘tishi rejalashtirilgan.
Avgust oyida Toshkent Shimoliy vokzalida chipta sotuvchi terminal ishga tushirilgandi.
Elektron qurilma orqali chipta rasmiylashtirishda yo‘nalish, vagon va o‘rindiqni, shuningdek, ketish vaqtini tanlash kerak.
Terminaldan yo‘lovchi poyezdlar jadvali haqida ma’lumot olish ham mumkin. “Qidiruv” tugmasini bosish bilan mavjud poyezdlar chiqib keladi.
Undan keyin yo‘lovchi haqidagi ma’lumotlar kirtilib, to‘lov kartalari orqali chiptani xarid qilish yakunlanadi.
Yaqin kunlarda elektron terminalni mamlakatning barcha temiryo‘l vokzallariga o‘rnatish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari oshishi sabablarini tushuntirgani haqida yozgandi.
Kompaniya 2018-yildan beri tariflar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari sezilarli darajada oshganini qayd etdi.