O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari masofaviy ta’limni tashkil etishga ruxsat berishni so‘ramoqda. Bu haqda 16-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan xususiy ta’lim sohasidagi tadbirkorlar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

Millat umidi maktabi hamda universiteti asoschisi Umid Ishmuhammedov xususiy ta’lim sektoriga sifatni oshirish uchun talab qo‘yish xato ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, yuqori bosim ortidan nodavlat ta’lim tizimida shaffoflik yo‘qoladi.

“Xususiy sektor o‘z yo‘nalishida raqobatlashmoqda. Agar bizga besh yil ichida davlat oliy ta’lim muassasalari bilan tenglasha olasanmi, desa undan ham yaxshi natija ko‘rsata olishimizni isbotlab beraman. Bu davrda eng yaxshi xususiy ta’lim tashkilotlari davlat muassasalaridan yaxshi ko‘rsatkichga erisha oladi. Faqat birgina narsa bunga to‘sqinlik qiladi: bizlarga masofaviy ta’limga ruxsat berishingizni so‘rardim”, — dedi tadbirkor.

Ishmuhammedov xususiy OTMlar uchun masofaviy ta’lim nega zarurligini talabgorlar soni ortib borayotgani bilan izohladi. O‘zbekistonda 10−20 yoshdagi 6 mlnga yaqin talabgorlar uchun ushbu tizimni yaratish zarur. Bu esa sohada sifat oshishini ta’minlaydi.

Millat umidi universiteti asoschisiga ko‘ra, xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarda o‘zbek tilidagi onlayn ta’lim platformalariga talab yuqori, ta’lim tashilotida esa o‘qituvchilar yetishmovchiligi mavjud hamda xorijdan olimlar va o‘qituvchilarni masofaviy jalb qilish zarurati bor.

“Agar masofaviy ta’limga ruxsat berilsa, birinchi navbatda, xorijdagi 6 mln aholini $100−500 atrofida o‘qitsak ham, taxminan $100 mln atrofida tushum bo‘ladi. Moliyaviy mustaqilligi O‘zbekiston sharoitidan yaxshiroq bo‘lgan chet eldagi vatandoshlar o‘z tilimiz va madaniyatimizni o‘rganishga tayyor”, — dedi Umid Ishmuhammedov.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov xususiy ta’lim tizimidagi sifat darajasidan xavotirini bildirdi. Chunki xususiy ta’limdagi ayrim tadbirkorlar faqat songa e’tibor berib, sifat jihatidan oqsab qolmoqda. Masofaviy ta’limga ruxsat berish yoshlarni ushbu ta’lim turiga qamrab olish bilan bog‘liq. “Hozir faqat tilga urg‘u berilayapti, vaholangki, bizdan kuchli huquqshunos, doktor, sanoat mutaxassi va muhandislar yetishib chiqmayapti”, — dedi u.

Vahabov tadbirkorni masofaviy ta’limda qanday yo‘nalishlar zarurligini aniq belgilab olishga va mamlakatda oqsayotgan sohalar uchun takliflar ishlab chiqishga chaqirdi. Umid Ishmuhammedov eng to‘g‘ri yo‘l top reytingga ega chet el oliygohlari, xalqaro korxonalar bilan hamkorlikda ishlash ekanligini ta’kidladi.

Avvalroq davlat va xususiy oliygohlar uchun bir xil standartlarni belgilash taklif qilingani haqida xabar berilgandi.