O‘zbekistonda ulushli qurilishda eskrou-hisoblarning joriy etilishi taklifning qisqarishi tufayli uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

O‘zbekiston quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhammedov 2026-yildan ulushli qurilishda eskrou-hisobi ommaviy joriy etilgandan so‘ng, quruvchilarda aylanma mablag‘lar yetishmovchiligi kuzatilishi mumkinligini ta’kidladi.

“Bu, o‘z navbatida, uy-joy tannarxi oshishiga ham olib kelishi mumkin. Sababi, yuqori talab sharoitida taklifning kamayishi hisobiga bu uylar narxiga ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi u.

Niyozmuhammedov developerlarga banklardagi eskrou-hisobida saqlanayotgan ulushdorlarning mablag‘lari hisobidan foizsiz yoki past foiz stavkada mablag‘ berishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchilarda loyihani moliyalashtirish qiymati bo‘yicha xavotirlar bor.

Assotsiatsiya raisi, shuningdek, hududlarda developerlarning past rentabelligi kuzatilayotganini, bu esa aylanma mablag‘lar yoki loyihaviy moliyalashtirish uchun banklardan mablag‘ olishni qiyinlashtirishi mumkinligini ta’kidladi. Banklarda garov ta’minoti bo‘lmaganda yoki rentabellik past bo‘lganda kredit berishni rad etishlari mumkin. Oqibatda qurilish ishlari to‘xtab, ish o‘rinlari qisqarishi hamda qurilishni vaqtida yetkazib berish kechikishiga olib keladi.

Mansur Niyozmuhammedov banklar va quruvchilarga loyihalarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Xususan, moliyaviy muassasalar alohida investitsiya kompaniyalarini tashkil etishlari yoki loyihalarda ulushdorlik asosida ishtirok etishlari mumkin.

Aks holda, banklar biznes-rejaning zaifligi, garovning yo‘qligi, developerning tajribasi yetarli emasligi va boshqa omillar tufayli moliyalashtirishdan bosh tortishlari mumkin.

2020-yil dekabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston quruvchilar assotsiatsiyasi tarkibiga to‘rtta kompaniya Murad Buildings, First Development Group, Nazarov Rahimboyev Group (NRG) QK hamda Golden House Property Group kiradi.

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ulushli qurilishda eskrou-hisobi tizimi joriy etildi. 2026-yildan boshlab ulushli qurilishni faqat eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Iyun oyi oxirida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Saidnosir Usmonov qurilish sohasida eskrou-hisob raqamlari tizimini joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelmasligiga ishontirdi. Yangi tizim qurilishning shaffofligini oshirish va loyihalarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlashga qaratilgan.

Avvalroq Spot Murod Nazarov O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga kiritilgan moratoriyni bekor qilishni taklif qilgani haqida yozgandi.