Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat joriy yilning iyun oyida Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida qabul qilingan.
O‘zbekistonga mamlakatdan 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish rejalashtirilmoqda. Mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari bilan ko‘paytirish orqali ularning soni 2029-yil yakunigacha 1 mln boshga yetkaziladi.
2025-yilning 1-avgustidan 2027-yilning 31-dekabrigacha tadbirkorlarga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni havo transporti orqali mamlakatga import qilish xarajatlarining 50%i budjetdan qoplab beriladi.
Ularga QQSni to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari tadbirkorlarga yillik 10% stavkada ajratiladi. Bunda mablag‘lar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilga beriladi hamda mol-mulk garov ta’minotini 50% gacha etib belgilanadi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlarga qo‘y va echkilarni yetkazib berishda moliyaviy yordam beradi.
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan kamida 1 000 bosh mayda shoxli mollarni import qilgan tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi.
Bunda yerlar quyidagi shartlarda ajratiladi:
- naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;
- yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.
Iyun oyi oxirida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna miqdorida ot go‘shti va halol qo‘y go‘shtining dastlabki partiyasini xarid qilishga rozilik bildirgani ma’lum bo‘ldi. Mo‘g‘uliston eksport bojini imtiyozli shartlarda belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirgan.
Prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shartligini qayd etib, ular keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 mln gektar yaylov va 12 mln gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini ta’kidladi. Bosh vazirga bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishni hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni qoplab, eksportga chiqish mumkin.
Veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov Senat yig‘ilishida Mo‘g‘ulistondan 7000 bosh Bayat zotli qo‘ylar olib kelinib, yaylov yerlarda parvarish qilinmoqda, ularning soni hozirda qariyb 15 ming boshga yetkazilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Ulan-Batorda O‘zbekistonning savdo uyi ochilgani haqida xabar berilgandi. Mo‘g‘uliston bilan jun, aralash matolar, to‘qimachilik va charm mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga kelishildi.