O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Termizdan Xarlachigacha bo‘lgan temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) ishlab chiqish bo‘yicha hukumatlararo bitimni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjat 17-iyul kuni Kobulda bo‘lib o‘tgan uch davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida imzolangan. Unda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov, Pokiston temir yo‘llar vaziri Muhammad Hanif Abbosiy va Afg‘oniston muvaqqat hukumatida jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Iso Sani ishtirok etdi.
Bo‘lajak temir yo‘l Termiz-Naybobod-Maydanshahr-Logar-Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Yo‘nalish 2023-yil iyul oyida Islomobodda loyihaning uchta ishtirokchi mamlakati vakillari tomonidan kelishilgan.
TIAni tayyorlash bilan bog‘liq ishlarning buyurtmachisi O‘TY qoshidagi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish strategiyasining uch tomonlama loyiha ofisi bo‘ladi. U 2023-yil may oyida Toshkentda tashkil etilgan bo‘lib, Kobul va Islomobodda filiallariga ega.
Mutaxassislar Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida fevral oyida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida uch tomonlama bitim loyihasini tayyorladi. Bugungi kunga kelib, hujjat davlat ichki kelishuvidan o‘tdi.
Hujjatning imzolanishi Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va yagona transport xabini yaratishga xizmat qiladi. Tashabbus, shuningdek, uch davlat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishni ta’minlaydi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018-yilda ilgari surilgan. 2021-yil boshida Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi loyiha $4,8 mlrdga baholangan.
2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. 2023-yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.
Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqdilar. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilga belgilangan.
2023-yilning dekabrida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi qariyb $7 mlrdga baholandi. Qurilish Build-Operate-Transfer (qurilish-ekspluatatsiya-yo‘naltirish) formatida DXSh asosida amalga oshirilishi mumkin.
O‘tgan yilning may oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev transafg‘on temiryo‘li Yevroosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynashini qayd etgandi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Tovar yetkazib berish muddati 35 kundan 5 kungacha qisqaradi, yetkazish narxi esa kamida 40%ga pasayadi.
Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytirishi haqida xabar berilgandi.