Samarqandda maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan majmua qurilishi boshlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
18-iyul kuni viloyat hokimi Adiz Boboyev va loyihani amalga oshirayotgan Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi vakillari ishtirokida chiqindi yoqish zavodi loyihasi qurilishining tamal toshi qo‘yildi. U Navro‘z mahallasining 15 gektar maydonida joylashadi.
Loyihaning umumiy qiymati $150 mlnga baholanmoqda. Investor chiqindi yoqish zavodini 2025−2027-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Majmua kuniga 1500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 240 mln kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. O‘zenergosotish allaqachon loyiha kompaniyasi bilan energiyani 30 yil davomida kafolatli sotib olish bo‘yicha kelishib olgan.
O‘tgan hafta Andijon viloyatida China International CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan shunday korxona qurilishiga start berilgandi. Shavkat Mirziyoyev joriy yil mart oyidagi qarorlari bilan har ikki zavod qurilishini tasdiqlagandi.
Rejaga ko‘ra, oltita viloyatda — Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqandda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish majmualari barpo etiladi. Korxonalar loyihalari davlat rahbariga 2024-yil oktabr oyida taqdimot qilingan.
Shuningdek, mart oyida prezident chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida farmon qabul qildi. 2030-yilga qadar qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 50% ga qisqartirish, buning uchun ular negizida chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish sanoat zonalarini tashkil etish maqsad qilingan.
Avvalroq 1-avgustdan chiqindidan qarzdorligi bor fuqarolarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida xabar berilgandi.