Air China aviakompaniyasi Pekin va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

19-iyul kuni soat 19:40 da Toshkent xalqaro aeroportiga Xitoy aviakompaniyasining birinchi reysi kelib qo‘ndi.

Xitoyning Air China milliy aviatashuvchisi ilk bor O‘zbekiston bozoriga kirib, Pekin-Toshkent-Pekin yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

2024-yil iyun oyida O‘zbekiston va Xitoy C5+1 formatidagi fuqaro aviatsiyasi konferensiyasida mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy aviaqatnovlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib oldilar. Parvozlarga ruxsat berilgan kompaniyalar sonini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan edi.

Kelishuvlarga ko‘ra, Xitoy aviatashuvchilari XXRning istalgan shahridan O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalari uchun ochilgan Xitoy havo bandargohlari soni 12 taga yetadi.

Iyul oyida O‘zaviatsiya Air China aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlar uchun ruxsatnoma berdi. Yo‘nalishlarga Boeing 737−800/737−8 MAX, shuningdek, Airbus 330−300/200 samolyotlari xizmat ko‘rsatadi.

Hujjat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risida 1994-yilda tuzilgan hukumatlararo bitim asosida rasmiylashtirilgan. Tashuvchi Pekin-Toshkent-Pekin va Urumchi-Toshkent-Urumchi yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Air China — Xitoyning eng yirik va asosiy aviatashuvchisi. Star Alliance aʼzosi hisoblanadigan kompaniya 1988-yilda tashkil etilgan va Pekin aeroportida joylashgan.


Avvalroq Spot Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar uchun ruxsat olgani haqida yozgandi.

Shu bilan biirga, Air China ham ikkita yo‘nalish bo‘yicha mamlakatga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.