Yaponiyaning Orion Computer kompaniyasi O‘zbekistonda Yaponiyada ishlash uchun mutaxassislarni ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi IT Park matbuot xizmati.
IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish boshqarmasi rahbari Jahongir Kagirov boshchiligidagi vakillari Yaponiyaning Orion Computer kompaniyasi bosh direktori Naoko Ishikava rahbarligidagi vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Tomonlar Yaponiyada til ta’limi, kadrlar tayyorlash va ularni keyinchalik ishga joylashtirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, O‘zbekistonda HR-agentlik va yapon tili maktabini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Yaponiya bozori talablariga mos ravishda nomzodlarni ishga joylashishdan oldin va keyin qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
IT Park Uzbekistan, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi yapon kompaniyalari uchun masofadan ishlash maqsadida yapon tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash dasturini ishga tushirishni taklif etdi.
Qayd etilishicha, bunday model xizmatlar eksporti va mamlakat ichida ish o‘rinlari yaratish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi.
Orion Computer — 1998-yilda asos solingan yapon kompaniyasi bo‘lib, IT-xizmatlar, kasbiy ta’lim va xalqaro kadrlar tanlovi bo‘yicha ixtisoslashgan. Kompaniya kompyuter va dasturiy ta’lim, veb va IT-yechimlarni ishlab chiqish, hamda xorijiy mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Spot Janubiy Koreyaning NovaTech kompaniyasi O‘zbekistonda servis markazi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilshicha, IT kompaniya yirik energetika inshootlari, shu jumladan atom elektr stansiyalari uchun yechimlar ishlab chiqadi.