Avvalroq Spot prezident Zomin texnoparkiga tashrif buyurgani haqida xabar bergandi. Sanoat hududida birinchi bosqichda jami $350 mln qiymatidagi 9 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev Zomindagi texnoparkni rivojlantirishning ikkinchi bosqichi rejalari bilan tanishdi.
Bu bosqichda umumiy investitsiya hajmi 250 mlnga yaqin bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan beshta korxona qurilishi ko‘zda tutilgan.
Sanoat hududida elektronika, tibbiyot jihozlari, poyabzal, qurilish materiallari, chinni va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning taxminan 70%i eksportga yo‘naltiriladi.
Jumladan, Xitoyning Longze Investment Group kompaniyasi tibbiy asboblar, bagaj va yuk skanerlari uchun rentgen nurlanish generatorlari ishlab chiqarishga $15 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Korxonani 2026-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, u 50 kishini ish bilan ta’minlaydi. Kompaniya har yili $5 mlnlik nurlatgichlarni eksport qilishni mo‘ljallamoqda.
Yana bir $15 mlnlik loyiha doirasida metall konstruksiyalar va polimer drenaj quvurlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, bu esa 150 kishini ish bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, Foxit kompaniyasi Zominda noutbuklar, planshetlar, serverlar va routerlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan Zomin tumanida qurilayotgan Artel maishiy texnika zavodini borib ko‘rdi. Zavod Navoiy sanoat bog‘ining filiali sifatida ajratilgan 80 gektar maydonda joylashgan. Investitsiyalar hajmi $150 mlnga baholanmoqda.
Bu yerda yiliga 100 turdagi 1 mln donagacha elektr jihozlari: kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar, televizorlar va boshqalarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 70%gacha yetadi.
Yillik ishlab chiqarish hajmi $320 mln bo‘ladi. Shundan $140 mlnlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.
Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.
Hozirgi o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o‘zida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, sanoat parkida Avtosanoat tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.