Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatining qo‘shimcha imkoniyatlari bilan tanishgandi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida turizm klasteri barpo etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga Aydarko‘l sohilida 29 gektar maydonni egallagan “katta loyiha” taqdim etilganini aytdi.

Sayyohlik klasteri 2000 nafar dam oluvchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, ular hozirda hududga o‘z-o‘zidan tashrif buyurmoqda. Uni ishlab chiqishda xalqaro tajriba, jumladan, Yevropaning qator davlatlari amaliyoti o‘rganildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 gektar maydon cho‘milish va quyoshda toblanish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Ushbu hududda quyoshdan himoyalovchi soyabonlar, plyaj yotoqxonalari, shiyponlar, yo‘laklar, plyaj kiyinish xonalari va xizmat ko‘rsatish obyektlari o‘rnatiladi.

Shifobaxsh balchiq zaxiralari mavjud Aydarko‘l qirg‘og‘ida yozda va qishda ishlaydigan sanatoriy qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, har biri 2 tadan 4 tagacha kishini sig‘dira oladigan ko‘cha kapsulali mehmonxonalar quriladi. Ularning umumiy sig‘imi 110 kishini tashkil etadi.

“Fuqarolar xostellardagi eng arzon xonalarda yoki alohida kapsulali mehmonxonalarda yashashi mumkin. Agar tashrif buyuruvchilar davolanishni xohlasa, turli muolajalarni taklif etadigan sanatoriyda bir necha kun qolishlari mumkin”, — deya ta’kidladi Mirsoatov.

Bundan tashqari, sayyohlik klasteri hududida dam oluvchilar sahroda sayohat qilishlari, kart poygarida qatnashishlari va sport bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihaning umumiy qiymati 220 mld so‘mni tashkil etadi. Natijada 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Turistik klaster bir vaqtning o‘zida 610 nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Jizzax viloyatida suv va plyaj turizmini rivojlantirish rejalashtirilayotganini aytdi. Hozir o‘zbekistonliklar chet elga borib, u yerda “katta miqdorda valyuta” qoldirmoqda.

“Prezidentning topshiriqlari asosida O‘zbekistonda suv va qirg‘oq bo‘yi turizmini rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, turizm klasteri ko‘p sonli sayyohlarni qabul qilishga qodir bo‘ladi. Har yili 200 ming chet ellik va 1 mln mahalliy sayyoh Aydarko‘l sohilida dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Albatta, bu faqat birinchi bosqich,” — dedi Ekologiya vaziri.

Abduhakimov turizm klasteri loyihasi atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda yashil qurilish tamoyillari asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bir necha yildan so‘ng sayyohlik majmuasi Antaliya yoki Dubay qirg‘oqlaridagi dam olish zonalaridan qolishmaydi, deya ishontch bildirdi vazir.


Avvalroq Spot Namangan viloyatidagi Norin daryosi sohili sayyohlik maskaniga aylantirilishi haqida yozgandi.