Tatlift kompaniyasi Buxoro viloyatida lift ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov 22-iyul kuni kompaniya direktori Gulshat Zagidulina boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar Buxorodagi Maxsus sanoat parkida loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishini muhokama qildilar.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha qiymati $5,5 mlnga baholanmoqda. Zavod 150 ga yaqin kishini ish bilan ta’minlaydi va yiliga 2 mingtagacha lift ishlab chiqarishi mumkin.

Uchrashuv yakunida Buxoro viloyati hokimligi va Tatlift kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan hamkor korxonalar rahbarlari bilan alohida shartnomalar rasmiylashtirildi.

Zaripov va Zagidulina tashabbusni joriy yilning may oyida Qozonda bo‘lib o‘tgan “Rossiya-Islom dunyosi” forumida muhokama qilgan. Iyun oyi boshida Rossiya kompaniyasi delegatsiyasi loyiha taqdimoti va unga ajratilgan maydon bilan tanishish uchun Buxoroga tashrif buyurgan edi.

Tatlift zavodi 2020-yilda tashkil etilgan Rossiyadagi eng yirik lift ishlab chiqaruvchilari qatoriga kiradi. Korxona yiliga 3 ming donagacha mahsulot — yo‘lovchi, tezyurar, panoramali va tibbiy liftlar, eskalatorlar va yo‘lovchi konveyerlari (travolatorlar) ishlab chiqarishi mumkin.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi lift importi bo‘yicha hukumatga takliflar kiritgani haqida yozgandi.

Qo‘mita bekor qilingan muvofiqlik sertifatini istisno tarzida tiklashni, mazkur sertifikatni berishda xizmatlar bozoriga xususiy sektorni, shuningdek, xorijiy grant mablag‘larini jalb etishni tavsiya qilmoqda.