Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining 2024-yilning iyul oyidagi tegishli farmoni bilan palataning ish uslubi o‘zgarib, vakolatlari kengaytirildi. Eskicha tekshiruvlardan voz kechildi hamda moliyaviy, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilindi.
Endilikda bu palata faqat nazorat qiluvchi emas, balki budjet intizomiga ko‘maklashuvchi hamkor idora ekanligi ta’kidlandi. Shu bois asosiy e’tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.
Masalan, 2025-yilning 6 oyida o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5,6 trln so‘m samarasiz budjet xarajatlari qisqartirilgan, budjetga 5 trln so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.
Mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi moliyaviy nazorat ko‘lami va ish hajmini oshirishi qayd etildi. Buni qamrab olishning samarali yo‘li — raqamlashtirish. Shu maqsadda ishga tushirilgan “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali shu vaqtgacha 4 trln so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.
Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, budjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezident farmoniga asosan, davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘pladi. Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iyun oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgandi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta’minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.
Hozirgi kunda bu dasturni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, Call markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Davlat rahbari mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq prezident mavjud konlarda neft va gaz qazib olishni ko‘paytirishni topshirgani haqida xabar berilgandi. Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1065 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1573 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda.