Avvalroq Spot Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi haqida yozgandi. Ekologiya vazirligi rahbari developer hali rasmiy hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qilib, oldindan xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.

Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov matbuot anjumanida Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov O‘zbekistonga taklif qilinganini ma’lum qildi.

“Respublikaga taklif etilgan developer o‘zidan-o‘zi kelib unaqa qilmayapti bu yerda. Kelib, o‘zidan-o‘zi „Mana, men shu Chorvoqda quraman“, degan gap yo‘q. Uni, aksincha, tajribali bo‘lganligi uchun, ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilganligi uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Bo‘lmasam, o‘zining juda unaqa bir katta xohishi yo‘q, uning mingta taklifi bor”, — deya vazirning so‘zlarini keltiradi Gazeta.uz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Agalarov Development rahbariga mintaqaning boshqa davlatlari va Yevropa ham qiziqish bildirmoqda.

“Hozir mana, kim eshitgan bo‘lsa, uni hozir Qirg‘iziston ham chaqiryapti, Qozog‘istonda ham uning takliflari bor, Turkiyada mana juda katta loyihalarni amalga oshiryapti. Hozir mana Chernogoriyaga borib qilaman, deyapti”, — dedi u.

Xulosa o‘rnida vazir jamoatchilikni erta baho berishdan saqlanishga chaqirdi.

Agalarov Development kompaniyasi Toshkentda Sea Breeze savdo ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning Spot’ga ma’lum qilishicha, Shahrisabz ko‘chasida joylashgan Agalarov Residence savdo ofisi Sea Breeze brendiga tegishli obyektlarni sotish vakolatiga ega bo‘ladi.

Hozirda Sea Breeze’ning mavjudlik geografiyasi faqat Ozarbayjon bilan cheklangan, ammo tez orada boshqa hududlarga ham tarqaladi. Kompaniya, shuningdek, so‘nggi oylarda O‘zbekiston rezidentlarining Sea Breeze Baku’da turar-joy va tijorat ko‘chmas mulkini sotib olishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.

“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.

Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.

E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.

Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.