O‘zbekiston va Rossiya aviatsiya ma’muriyatlari ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar berdi Transport vazirligi.

Delegatsiyalar uchrashuvi 21−22 iyul kunlari Moskvada bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat vakillari amaldagi reyslar sonini ko‘paytirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, shuningdek, aviakompaniyalarga tegishli huquqlar berish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar har bir tomondan tayinlangan aviatashuvchilarga haftasiga quyidagi reyslarni amalga oshirish huquqini berishga kelishib oldilar:

  • Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 50 ta reys (jami 100 ta);
  • Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 23 ta reys (jami 46 ta);
  • Buxoro-Moskva, Urganch-Moskva, Farg‘ona-Moskva, Namangan-Moskva yo‘nalishlari bo‘yicha 14 ta reys (jami 112);
  • 14 ta reys Toshkent-Sankt-Peterburg, Toshkent-Krasnoyarsk, Toshkent-Sochi (jami 42);
  • Termiz-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 10 ta reys (jami 20 ta).

Shuningdek, boshqa shaharlar yo‘nalishlarining har biriga 7 tadan parvoz amalga oshirishga ruxsat etiladi. Rossiya aviatashuvchilari mamlakatning 80 ta xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning barcha havo portlariga haftasiga 560 ta parvozni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston aviakompaniyalari Rossiyaning 29 ta yirik aeroportiga parvoz qilish huquqiga ega bo‘ladi (203 ta reys).

Bundan tashqari, har bir aviakompaniyaga uch manzilni birlashtiruvchi “uchburchak” reyslarni amalga oshirish doirasida beshtagacha shaharni tanlash huquqi berildi. Kompaniyalar soniga oid cheklovlar bekor qilinmoqda.

Erishilgan kelishuv O‘zbekiston va Rossiya aviakompaniyalariga “barcha belgilangan shaharlardan samarali foydalangan holda” haftasiga mingdan ortiq reysni amalga oshirish imkonini beradi. Hozirda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 310 ga yaqin reys bajarilmoqda.


Avvalroq Spot Etihad Airways Abu-Dabidan Toshkentga aviareyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, BAA aviakompaniyasi 2026-yilning mart oyidan boshlab poytaxtlar orasida haftasiga 6 ta reysni bajarishni mo‘ljallamoqda.