Xitoyning Tencent Holdings kompaniyasi Midasbuy onlayn do‘konini O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi, deya xabar berdi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi.
Midasbuy — bu onlayn o‘yinlar uchun virtual valyuta va o‘yin ichidagi mahsulotlarni xarid qilish imkonini beruvchi platforma hisoblanadi.
U asosan PUBG Mobile, Honor of Kings, Brawl Stars, Delta Force kabi mashhur o‘yinlar uchun onlayn do‘kon sifatida xizmat ko‘rsatadi.
24-iyul kuni High Morale Developments Limited — Tencent Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi — soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kompaniya idora reyestridagi 72-chi xorijiy yuridik shaxs bo‘ldi.
Joriy yil boshidan buyon ro‘yxatni Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva, ivi.ru kabi 15 ta kompaniya to‘ldirdi.
Birinchi chorakda 68 ta xorijiy IT-kompaniya tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 1,5 baravar o‘sib, 36,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Top-5 talikka birinchi marta OpenAI (1,09 mlrd so‘m) hamda O‘zbekistonda bloklangan TikTok (934,8 mln so‘m) kirdi.
2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.