Shavkat Mirziyoyev davlat organlari va muassasalarida ijro intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Farmonda ijro intizomini tashkil etish sohasidagi bir qator asosiy yo‘nalishlar belgilangan. Xususan, qonunlar, davlat rahbarining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning mas’uliyati oshiriladi. Bundan tashqari, ijro intizomi nazorati tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Hisob palatasiga qo‘shimcha vazifalar yuklanadi, jumladan:
- qonunlar, farmonlar, qarorlar va farmoyishlar doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini hamda ularning aholi va tadbirkorlik uchun samaradorligini tahlil qilish;
- intizomni mustahkamlash, mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish, islohotlar natijalariga erishish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- qonun hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish.
Buning uchun 1-sentabrdan Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta shtat birligi beriladi. Ular Pensiya jamg‘armasidagi shtatlarni qisqartirish hisobiga ta’minlanadi.
Xuddi shu sanadan boshlab davlat organlarining ijro intizomi uchun mas’ul bo‘lgan tuzilmalari bevosita birinchi rahbarlarga bo‘ysunadi.
Ularning xodimlari Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida har 3 yilda malaka oshiradi.
Uchala tashkilot ham vaziyatni baholash amaliyotini joriy etadi Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 20 kishidan iborat Prezident va hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etiladi.
Avvalroq Spot Hisob palatasining auditi olti oyda budjetga 5,6 trln so‘m iqtisod qilgani va 5 trln so‘m daromad keltirganini yozgandi.