Toshkent metropoliteni yerosti yo‘nalishining 6 ta bekati “rejali profilaktika ishlarini o‘tkazish” maqsadida faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi haqida xabar berdi.

2-avgustdan boshlab Texnopark va Yangiobod bekatlari orasidagi hududda poyezdlar qatnovi to‘xtatiladi. O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi liniyasi ishlar yakunlanguniga qadar o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, Texnopark-Qipchoq-Texnopark metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Dastlab poytaxt metropoliteni may oyi oxirida ikkita — Qipchoq va Turon bekatlarini yopgan edi. Shundan so‘ng, 28-iyundan boshlab Yangiobod’dan Quruvchilargacha bo‘lgan oraliqdagi yana oltita bekatda harakat to‘xtatildi.

Metropoliten ma’muriyati yopilishni “poyezdlar va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash,” shuningdek, “yangi uchastkalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, ishlar jami uch oy — sentabr oyi boshigacha davom etadi.

Transport prokurori Ikrom Narimov iyun oyi oxirida yer usti metro liniyasini rekonstruksiya qilish ishlarining borishini o‘rgangan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan “bir qator kamchilik va xatolar” aniqlangan.

Mutasaddi tashkilotlarga muammolarni “qisqa muddatda” bartaraf etish, ishlarni sifatli yakunlash uchun loyiha talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Prokuraturaning ta’kidlashicha, ishlar doimiy nazoratga olingan.


Avvalroq Spot Toshkent metrosining 13 ta bekatidagi ayrim kassalar naqd puldagi to‘lovlar uchun yopilgani haqida yozgandi.

Ularning o‘rniga qog‘oz shaklidagi QR-chiptalarni sotib olish uchun maxsus terminallar o‘rnatiladi.