O‘zbekistonda yangi turdagi temir yo‘l yuk vagonlarini ishlab chiqarish boshlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.

Olmaliq quyuv-mexanika zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda yuk ko‘tarish quvvati 115 tonna bo‘lgan 6 o‘qli dumpkar vagonlarini mahalliylashtirdi. Avgust oyida ularning seriyali chiqarilishi boshlanishi rejalashtirilgan.

Loyiha 2024-yil noyabr oyida o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida OKMK, O‘TY va Andijon mexanika zavodi o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Uning umumiy qiymati 501,76 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Navoiyuran davlat korxonasi buyurtmasi asosida sulfat kislotasini tashish uchun mo‘ljallangan 15−9724 va 15−9724−04 rusumli temir yo‘l sisternalari ishlab chiqarilmoqda. 10 ta vagondan iborat birinchi partiya foydalanishga topshirildi, jami 45 ta vagon ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan vagonlar ham eksport qilinmoqda. Masalan, Turkmanistonning Ege Logistika kompaniyasi umumiy qiymati $4,45 mln bo‘lgan 15−9721 neft mahsulotlarini tashish uchun 56 ta sisternani yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Buyurtmachiga $477 minglik oltita vagon topshirildi. Vagonlarning yana bir partiyasi turkmanistonlik tadbirkorga jo‘natiladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning “Kazsink Temir Trans” kompaniyasi O‘zbekistonda sulfat kislotasi uchun mo‘ljallangan o‘nta vagonni qayta ishlash bo‘yicha kelishuv imzoladi. Shartnomaning qiymati $301 mingga baholanmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Transmashxolding bilan harakat tarkibini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Bahorda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi xorijiy kompaniyaga ishonchli boshqaruvga berilgandi.