Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘lini qurish loyihasining borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu haqda 28-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan transport va logistika sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.
“Biz Toshkent-Samarqand temir yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlamoqdamiz. Yil oxirigacha texnik-iqtisodiy asoslash ishlari to‘liq nihoyasiga yetkaziladi. 2026-yilning yanvar oyidan boshlab tender hujjatlarini tayyorlash jarayoni boshlanadi”, — deya ta’kidladi Transport vaziri.
2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston temir yo‘llari raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov birinchi marta yuqori tezlikda harakatlanish uchun alohida tarmoq qurish rejalari haqida Spot’ga ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi infratuzilma yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan hajmi uchun yetarli emas.
2024-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchilari yig‘ilishida tezyurar temir yo‘l magistrallari qurilishini e’lon qilgan edi. Ular Toshkent-Samarqand va Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlari bo‘ylab o‘tadi. Qurilishga Turkiyaning Rönesans Holding guruhi jalb etilishi mumkin.
Fevral oyida Transport vazirligi Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldi. Koreya Eksimbanki buning uchun grant ajratadi.
Loyihaga, jumladan, temir yo‘lni moliyalashtirishga Xitoy Eksimbanki va Yevropa investitsiya banki qiziqish bildirmoqda.
Avvalroq Spot Gruziyaga Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasida ishtirok etish taklif qilingani haqida yozgandi.