Sankt-Peterburg shahri chet el fuqarolarining taksi sohasida ishlashiga vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Bu haqda Forbes.ru xabar bermoqda.
Shahar gubernatori Aleksandr Beglov 28 iyul kuni tegishli qarorni imzoladi. Hujjat imzolanganidan keyin o‘n kun o‘tgach — 7-avgustdan kuchga kiradi va 2025-yil oxirigacha amal qiladi.
Taqiq patent bo‘yicha ishlaydigan chet elliklarga taalluqli. Ish beruvchilarga ularni ishdan bo‘shatish va rossiyalik haydovchilarni jalb qilish uchun uch oy vaqt beriladi.
Ma’muriyat bu qarorni taksi xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratish istagi bilan izohladi. Mehnat va bandlik qo‘mitasiga noyabr oyiga qadar taqiqni 2026-yilgacha uzaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
2024-yildan boshlab Rossiyada migrantlarni ishga joylashtirish siyosati qat’iylashishda davom etmoqda. Bir qator hududlar allaqachon chet elliklarga taksi va boshqa ba’zi sohalarda ishlashni taqiqlagan — ular orasida Irkutsk, Qo‘rg‘on, Magadan, Omsk, Tver, Chelyabinsk viloyatlari, Tatariston va boshqalar bor.
2024-yil mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi mutaxassisligi bo‘yicha ishlamaydigan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularga vaqtinchalik mehnat faoliyati uchun maxsus hujjat olish majburiyatini yuklashni taklif qildi. Shuningdek, agentlik tashkiliy tanlov doirasida kelgan va boshqa korxonaga ketmoqchi bo‘lgan xorijliklarni deportatsiya qilish tarafdori bo‘lgan.
Rossiya IIV o‘sha yilning aprel oyida muhojirlarning mamlakatda qolish muddatini yil davomida 90 kungacha qisqartirishni taklif etgan edi. Iyun oyida Davlat dumasi qonuniy asosga ega bo‘lmagan chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborishning yangi tartibi haqidagi qonunni qabul qildi. Rossiyani tark etishi yoki qonuniy maqomga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan nazorat ostidagi shaxslar reyestri 5-fevraldan boshlab amalda joriy etildi.
Bundan tashqari, o‘tgan oktabr oyidan boshlab Moskvaning Domodedovo aeroportida xorijliklar uchun biometrik ma’lumotlarni, jumladan, fotosuratlar va barmoq izlarini olish tartibi joriy etildi. Dekabr oyida yangi tartib Rossiya poytaxtining barcha havo portlariga kengaytirildi.
Iyun oyi oxirida Rossiya hukumati chet el fuqarolarining sayohatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruID mobil ilovasini ishga tushirdi. Ariza beruvchi chegarada ko‘rsatish uchun QR-kod olish uchun rasmga tushishi, xorijga chiqish pasportini rasmga olishi va ovoz namunasini taqdim etishi kerak.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ro‘yxatdan o‘tish hozircha ixtiyoriy ekanligini aniqlashtirdi. Shu bilan birga, bu jarayon migrantlarga bir qator afzalliklar beradi.
Jumladan, Rossiya SIM-kartalarini sotib olish va bank hisob raqamlarini ochish uchun SNILSni avtomatik rasmiylashtirish imkoniyati, shuningdek, davlat va boshqa xizmatlardan foydalanish maqsadida raqamli profil yaratish imkoniyati taqdim etiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi bo‘yicha huquqiy axborot tizimlarini kengaytirmoqchi ekanligi haqida yozgandi. Migratsiya agentligi Rossiyada ishlash platformasida o‘z shaxsiy kabinetini yaratishi mumkin.