Toshkentda go‘sht va chorvachilik importyorlari uyushmasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlikda go‘sht va jonli qoramolni import qiluvchi 70 nafardan ortiq tadbirkorlar hamda chorvachilik fermalari vakillari bilan kengaytirilgan uchrashuv o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor aholini hamyonbop va sifatli go‘sht bilan ta’minlash, narxlarni barqarorlashtirish va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratildi.
Uchrashuv davomida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lgan go‘shtning yetkazib berish va narxlar barqarorligiga aholi ishonchini ta’minlashga yordam beradigan hamkorlikdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar logistika, bojxona tartib-qoidalari, soliq solish va veterinariya nazorati bilan bog‘liq asosiy muammolarini bildirishdi. Ba’zi masalalar joyida hal etildi, qolganlari hokimiyat va tegishli idoralar nazoratiga olindi.
Tadbirkorlarning Go‘sht va jonli qoramol importyorlari uyushmasini tashkil etish bo‘yicha tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Bu narxlarni tartibga solish va bozorni ta’minlashda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi qayd etildi.
Shahar hokimi va barcha ishtirok etgan mas’ul tuzilmalar vakillari ushbu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.
Uchrashuvda ishtirok etgan Davlat soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi, prokuratura va boshqa tuzilmalar vakillari tadbirkorlar bilan birgalikda aholini go‘sht mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash ustida ishlashi ta’kidlandi.
Toshkent shahar hokimligi oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini alohida nazoratda saqlaydi va poytaxt aholisi uchun oziq-ovqat mahsulotlari narxlari hamisha qulay bo‘lishiga harakat qiladi, deyiladi xabarda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, go‘sht so‘nggi bir yil ichida narxlari eng ko‘p oshgan mahsulotlar qatoriga kirdi. Qo‘y go‘shti 32% ga, mol go‘shti 30,5% ga qimmatlashgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat savatidagi mahsulotlarning 80%i 10% dan kamroqqa qimmatlashdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi may oyida go‘sht narxining oshishini bir necha omillar, jumladan, import qiluvchilar tomonidan talabning yuqoriligi, ozuqa va transport narxining oshishi bilan izohlagandi. Shu bilan birga, vazirlik O‘zbekiston “go‘sht narxi eng arzon bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishini” ta’kidladi.
Iyun oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shartligini qayd etib, ular keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Avvalor Shavkat Mirziyoyev go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, eksportga chiqish mumkinligini qayd etgani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari 16 mln gektar yaylov va 12 mln gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.