Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent-Samarqand pulli yo‘l loyihasiga xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgani ma’lum qilindi. Prezident strategik infratuzilmalarni puxta o‘ylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yangi xalqaro aeroport va ushbu pulli avtomobil yo‘li qurilishi loyihalari haqida so‘z yuritdi.
Uning qayd etishicha, Toshkent viloyatida xalqaro aeroport qurilishi loyihasi “boy tajribaga ega” kompaniyalar bilan DXSh asosida amalga oshiriladi. U Toshkent xalqaro aeroportidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda joylashadi.
Yangi xalqaro aeroport Toshkent shahri va Samarqandni bog‘lovchi mavjud yo‘ldan uzoq bo‘lmagan nuqtada, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yida — transport-logistika infratuzilmasiga yaqin bo‘lgan hududda quriladi.
O‘z navbatida, Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli avtoyo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha “uzoq vaqt” xalqaro tanlov jarayoni amalga oshirilganini ma’lum qildi.
“Bugungi kunda tanlov talabgori va g‘olibini aniqlaganmiz, prezidentimizga bu bo‘yicha hisobot topshirdik. Endi tender g‘olibi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki kelishuvni imzolashdan oldingi muzokaralarni amalga oshiramiz. Undan keyingina kelishuvga erishib, joriy yilda qurilish ishlarini boshlaymiz”, — dedi vazir.
Yaqinda e’lon qilingan Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishi 2026-yilda boshlanishi haqida so‘z boradi.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘li
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida boshlash belgilangandi. Uning umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
Joriy yilning fevral oyida 6 tasmali Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hujjat ishlari yakunlanib, tender ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Martga kelib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Toshkent-Samarqand yo‘lining uzunligi 300 km atrofida bo‘ladi. Qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.
Iyun oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta’ga bergan intervyusida Toshkent-Samarqand loyihasi bo‘yicha tender yanvar oyida e’lon qilingani, ishtirokchilardan dastlabki takliflar iyun oyi oxirida qabul qilinishi rejalashtirilganini bildirdi.
“Arizalar ko‘rib chiqilib, birinchi bosqichdan o‘tganimizdan so‘ng g‘oliblarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u. Unga ko‘ra, mazkur yo‘lning smeta qiymati $2,6 mlrddan $2,2 mlrdga tushirilgan.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentyabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spotga ma’lum qildi.