Birinchi yarim yillikda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 72 ta xorijiy kompaniyalar tomonidan 78,2 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $6,1 mln) soliq to‘langan.

Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 42% o‘sgan. To‘langan soliqlarning 94% i elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi quyidagi 10 ta xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 43% ga — 460 mlrd so‘mdan 656,8 mlrd so‘mga o‘sdi.

Bularning ichida Meta yetakchi — 22,6 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinda esa Apple — 22,1 mlrd so‘m. Kuchli uchlikdan Google joy olgan — 19,4 mlrd so‘m.

Shuningdek, OpenAI — 2,9 mlrd so‘m, Booking.com — 1,9 mlrd so‘m va O‘zbekistonda blokda turgan TikTok 1,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

O‘z navbatida, Netflix 896,2 mln so‘m, Acca 797,1 mln so‘m, Zoom 786,7 mln so‘m va Adobe 530,8 mln so‘m soliq to‘lagan.

2025-yilning birinchi choragida jami 68 ta xorijiy IT-kompaniyaning soliq to‘lovlari 36,2 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.

2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.

24-iyul kuni High Morale Developments Limited — Tencent Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi — soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kompaniya idora reyestridagi 72-chi xorijiy yuridik shaxs bo‘ldi.

Joriy yil boshidan buyon ro‘yxatni Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva, ivi.ru kabi 15 ta kompaniya to‘ldirdi.

Birinchi chorakda 68 ta xorijiy IT-kompaniya tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 1,5 baravar o‘sib, 36,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Top-5 talikka birinchi marta OpenAI (1,09 mlrd so‘m) hamda O‘zbekistonda bloklangan TikTok (934,8 mln so‘m) kirdi.