Sun’iy intellekt sohasidagi iste’dodlar uchun kurash yangi cho‘qqiga chiqdi, deya xabar bermoqda Times of India nashri.
Meta o‘zining “o‘ta aqlli” jamoasi uchun mutaxassislarni yollash bo‘yicha tajovuzkor kampaniyasi doirasida 24 yoshli tadqiqotchi Mett Deytkega $250 mlngacha bo‘lgan shartnoma taklif qildi.
Qayd etilishicha, ushbu hikoya sun’iy intellekt bo‘yicha yetakchilik poygasi qanchalik yuqori ekanligini yaqqol ko‘rsatadi.
Dastlab, Vercept startapining hammuassisi Deytke Meta’ning $125 mlnlik taklifini rad etdi. Bu holat kompaniya rahbari Mark Sukerbergni yosh yigit bilan shaxsan uchrashishga undadi.
Uchrashuvdan so‘ng Sukerberg taklif qilingan summani ikki baravarga ko‘paytirdi. Meta aksiyalar va naqd pul ko‘rinishida $250 mlngacha bo‘lgan to‘rt yillik qayta ko‘rib chiqilgan kompensatsiya paketini taqdim etib, kelishuvga erishdi.
Mett Deytke SI hamjamiyatida eng ko‘p talab qilinadigan mutaxassislardan biri hisoblanadi. U tasvirlar, tovushlar va matnlarni qayta ishlashga qodir bo‘lgan multimodal tizimlar ustida ishlashi, shuningdek, 3D ma’lumotlar to‘plamlari sohasidagi tadqiqotlari bilan taniqli hisoblanadi.
Uning sobiq Google rahbari Erik Shmidt sarmoya kiritgan Vercept startapi avtonom sun’iy intellekt agentlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Meta uchun Deytke singari mutaxassislarni jalb etish biznes strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Kompaniya allaqachon OpenAI, Apple va Google kabi raqobatchilardagi xodimlarni o‘ziga og‘dirib, “yulduzlar jamoasi"ni shakllantirish uchun $1 mlrddan ziyod mablag‘ sarflagan.
Bu sun’iy intellekt poygasida asosiy resurs nafaqat hisoblash quvvati, balki noyob inson aqli ham ekanligini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Spot Meta Apple muhandisini $200 mln evaziga o‘z jamoasiga ishga olgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Apple muhandisi jamoada inson darajasida yoki undan yuqori vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellekt tizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi.