Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.
Toshkent viloyati hokimligi mazkur kurort majmuasi qurilishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2024-yili Bo‘stonliq tumaniga 12 mln nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning qariyb 300 ming nafari xorij fuqarolaridir. Hokimlik bu hududning qabul qilish imkoniyatidan 4 barobar yuqori ekanligini qayd etdi. Sayyohlar oqimi o‘sib borayotgani, mavjud mehmonxona va dam olish maskanlari yetarli emasligi esa qator noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yili Bo‘stonliqda turizm eksporti $325 mlnni tashkil etgan. 2025-yilning yarmida esa tumanga 230 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Turizmni rivojlantirish orqali daromadlarni oshirish viloyatning o‘sish nuqtalaridan biri sifatida ta’kidlanadi.
Shundan kelib chiqib, Sea Breeze kurort majmuasi loyihasi doirasida Chorvoq suv ombori bo‘yida 577 gektar yer maydoni va unga tutash 3 ming gektarlik hududda “keng qamrovli ishlar” rejalashtirilgan.
Xususan, bu yerda dam olish maskanlari, cho‘milish havzalari, sport maydonchalari, savdo va servis markazlari bunyod etiladi. Xalqaro festivallar, konsertlar va anjumanlar o‘tkazishga xizmat qiluvchi maydonlar hamda ikki qirg‘oqni bog‘lovchi ko‘prik quriladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi, turizm eksporti $500 mlnga yetishi, chet ellik sayyohlar oqimi esa yiliga 5 mln nafargacha ko‘payishi kutilmoqda.
“Hudud aholisiga ochiqlik va hisobdorlikni ta‘minlash maqsadida viloyat hokimligi loyiha doirasida tegishli majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Barcha bosqichlar ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari bo‘yicha tuzilmalarning tizimli nazoratga olinishi ta‘minlanadi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, yer uchastkalarini ajratish, ijaraga berish va qayta rasmiylashtirish bo‘yicha barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida, ekologik talablar inobatga olingan holda va ochiq monitoring sharoitida amalga oshirilishi nazorat qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda yerdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga kompensatsiyalar to‘lanadi. Shuningdek, viloyat hokimligi mazkur hududda qonunbuzarlik, tabiatga zarar yetkazish yoki jamiyat manfaatlariga zid bo‘lgan har qanday urinishlarga nisbatan qat‘iy choralar ko‘rilishini ta‘minlashi keltirilgan.
Hukumat Sea Breeze Uzbekistanga Bo‘stonliqdan 577 gektar yerni 25 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beradi. Chorvoqdagi dam olish maskanini qurish ishlari 2035-yilgacha amalga oshiriladi. Yerning ijara narxi 5 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan 17 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasida ekologik talablar bajarilmasa loyiha to‘xtatiladi. Investor loyiha uchun ajratiladigan yerlar evaziga yetkazilgan zararni qoplash uchun $5 mln ajratadi. Qurilish ishlariga “katta tajribaga ega” mahalliy va xorijiy kompaniyalar jalb etiladi.
Bundan tashqari, hukumat moratoriyga qaramay Sea Breeze Uzbekistan uchun daraxtlarni kesishga ruxsat berdi. Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura va Kadastr agentligi Chorvoq suv ombori yaqinidagi yangi binolarni xatlovdan o‘tkazadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Agalarov Development ishtirokida Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi ro‘yxatdan o‘tgani haqida yozgandi. Uning yana bir ta’sischi O‘zbekoziqovqatzaxira uyushmasi raisining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Mahmudov hisoblanadi.