Tesla o‘zining bosh direktori Ilon Mask uchun taxminan $29 mlrdlik yangi aksiyalar paketini ma’qulladi, deb yozadi Reuters.
Mask 2027-yilgacha kompaniyadagi muhim lavozimni egallab tursa, 96 mln aksiyaga ega bo‘ladi. Qaror sotuvlarning pasayishi va Teslaning avtomobil ishlab chiqarishdan sun’iy intellekt, robotoaksi va gumanoid texnologiyalariga o‘tishga urinishlari fonida qabul qilindi.
Ushbu paket sud tomonidan ilgari bekor qilingan mukofotni qisman qoplaydi. 2018-yilda direktorlar kengashi Mask uchun Tesla kapitallashuvining o‘sishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan $50 mlrddan ortiq rekord kompensatsiya rejasini tasdiqladi.
Biroq, 2024-yil boshida sud manfaatlar to‘qnashuvi va aksiyadorlar ovoz berishdan oldin barcha ma’lumotlarni olmaganligi sababli bitimni haqiqiy emas deb topdi.
Yangi paket Maskning kompaniyadagi ovozlar ulushini asta-sekin oshirib boradi. Direktorlar kengashining fikricha, bu shart uning motivatsiyasini saqlash va e’tiborini Teslaning rivojlanishiga qaratish uchun muhimdir.
Aksiyalarni olish uchun Mask 2027-yilgacha asosiy ijrochi lavozimida qolishi shart. Bundan tashqari, aksiyalarni besh yil davomida sotish taqiqlanadi. Faqat soliqlarni to‘lash uchun yoki har bir aksiyani $23,34dan qaytarib sotib olish hollari bundan mustasno.
AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilishicha, agar sud avvalgi kompensatsiyani tiklasa, yangi paket yo bekor qilinadi, yoki ikki marta to‘lov amalga oshirilmasdan hisobga olinadi.
Sud qarorini qo‘llab-quvvatlagan mutaxassislar yangi paketni sud hukmini “amalda e’tiborga olmaslik” deb baholadilar. Biroq Tesla investorlari bu xabarni ijobiy qabul qilishdi: kompaniya aksiyalari premarketda 2%dan ziyod ko‘tarildi. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, bu Maskning Tesla’dagi kelajagi bilan bog‘liq noaniqlikni bartaraf etadi.
Shu bilan birga, kompaniyaning o‘zi bosimni his qilishda davom etmoqda: sotuvlar kamaymoqda, raqobat kuchaymoqda, AQShda elektromobillarga beriladigan subsidiyalar qisqartirilmoqda.
Ilgari Mask Tesla avtonom haydash uchun dasturiy ta’minot hisobiga o‘sish boshlanishidan oldin bir necha “mushkul chorak"ni boshdan kechirishini ogohlantirgandi.
Ostinda robotaksi xizmatini ishga tushirish allaqachon boshlangan, biroq bu texnologiyani to‘liq sertifikatlash jarayoni hali uzoq davom etishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot Tramp bilan nizo Ilon Maskning biznes imperiyasini qanday xavf ostiga qo‘ygani haqida yozgandi.
Mojaro fonida NASA va Pentagon SpaceX o‘rnini bosuvchini izlashni boshladi. Idoralar kompaniyaning raqobatchilariga murojaat qilib, muqobil raketalar va kosmik kemalarni ishlab chiqarishni tezlashtirishni so‘rashdi.