O‘zbekistonda barcha mavsumga mo‘ljallangan Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan kurort loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ishlari faol sur’atda davom etmoqda. Biroq, loyiha rasman hali ham hujjatlarni tayyorlash va konsepsiyani muhokama qilish bosqichida turibdi.
Avvalroq, developer va hokimiyat vakillari jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Ammo, 1-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi 577 gektar yerni investorga 25 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Hujjat, shuningdek, istisno tariqasida loyiha-smeta hujjatlari yakunlanmasdan oldin qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berib, Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasiga keng vakolatlarni taqdim etadi. Loyiha ishchi guruhiga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarlik qiladi, Toshkent shahrining markazida esa kompaniyaning sotuv ofisi ochilmoqda.
Loyiha ilk bor 2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov tomonidan Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. 2025-yilning iyunida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Agalarov Development qurilish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Xorijiy arxitektorlar ishtirokida ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, suv ombori qirg‘og‘ida 6 mln kv.metrdan ortiq maydonni qamrab oluvchi kurort barpo etiladi. U turar-joy, mehmonxonalar, plyajlar, ijtimoiy infratuzilma, hamda ikki qirg‘oqni bog‘lovchi ko‘prikni o‘z ichiga olgan holda 10 ta kichik hududga bo‘linadi.
Loyihaning umumiy qiymati $5 mlrdga baholanmoqda, biroq dekabr oyida $10 mlrdga baholangandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston loyihani amalga oshirish: ko‘prik qurish, avtomobil yo‘llari tarmoqlarini yotqizish, ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish uchun kreditlar oladi.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi e’lon qilingan paytdan boshlab hokimiyat, qurilish kompaniyalari loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlari ekologik talablar hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda o‘tkazilishini ta’kidlab kelmoqda. Biroq, loyihaning ekologik ekspertizasi hali yakuniga yetmasdan, shuningdek, aholi bilan muhokama o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, yer ajratish, daraxtlarni kesish, infratuzilma yig‘imlari hamda kompensatsiyalar bo‘yicha asosiy qarorlar allaqachon qabul qilingan.
Bu vaziyatda, jamoatchilik xavotiri nafaqat suv ombori atrofidagi qurilishning ko‘lami, balki uning Chorvoq ekotizimiga ta’siri tufayli ham kuchaymoqda. Ayniqsa, markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimining mavjud emasligi, oqova suvlar va o‘rmonlarning kesilishi bilan bog‘liq xavflar jamoatchilikning e’tiborini tortmoqda. Masalan, hukumat moratoriyga qaramay, Sea Breeze loyihasi uchun daraxtlarni kesishga ruxsat berdi.
Spot tog‘li zonalarda allaqachon faoliyat yuritayotgan biznes vakillari bilan suhbatlashib, Sea Breeze Uzbekistan loyihasining amalga oshirilishini qanday baholashlari, bunday loyiha hududning sayyohlik infratuzilmasini o‘zgartirishga qanchalar qodirligi, tog‘li hududlarda qurilish olib borayotgan tadbirkorlar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini — chiqindilarni olib chiqishdan tortib kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishgacha bo‘lgan muammolarni aniqlashga harakat qildi.
Caravan Group va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chinara’s restorani asoschisi.
Menga yirik tayanch brend qo‘llaydigan strategiya yoqadi. Hozirgi vaziyatda bu Sea Breeze — u bir nechta ishonchli, o‘zini bizda allaqachon yaxshi ko‘rsatgan developerlar bilan hamkorlik qiladi. Bu loyihani amalga oshirishni tezlashtirib, uning barqarorligini ta’minlash imkonini beradi. Sea Breeze nomi xalqaro sarmoyani jalb etishni osonlashtirib investorlarning ishonchini oshiradi. Bu esa texnologiyalar, muhandislik yechimlari, suv tayyorlash tizimlari hamda tozalash inshootlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu brend allaqachon Bokuda McDonald’s, Nikki Beach, Hilton, Marriott kabi jahon miqyosidagi franshizalar bilan faoliyat yuritmoqda. Bunday nufuzli kompaniyalar o‘z obro‘sini juda qadrlaganligi sababli, hozirda Toshkent aholisini tashvishga solayotgan vaziyatga aslo yo‘l qo‘ymaydilar.
Buni Bokuda ko‘rganman: qurilish bir nechta ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanib, agar ulardan birida muammolar yuzaga kelsa, boshqalari ishni davom ettiraveradi. Kuchli xalqaro developerlar o‘zlari bilan ham tajriba, ham o‘z auditoriyasini olib kelishadi. Bu bozorni kengaytirib, sog‘lom raqobatni shakllantiradi. Shu bilan birga puxta ishlab chiqilgan bosh reja tufayli butun me’moriy tuzilma yaxlit holda saqlanib qoladi.
O‘zbekistonga kelsak, Toshkent viloyatida ishlash nihoyatda mushkul. Prezidentimiz e’tiborini bu masalaga qaratishini sabrsizlik bilan kutyapmiz. Balki shunda tog‘larimizda o‘zgarishlar yuz berib, ilgari sudlarda o‘zboshimchalik bilan tortib olingan narsalarimiz qaytarib berilar. Garchi bu ham doim natija bermasa-da.
Chinara’s loyihasi bo‘yicha 20 dan ortiq sud jarayonlarida qatnashganmiz — 5 yil davomida 140 ta sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Shu vaqt mobaynida 45 mlrd so‘m o‘z mablag‘imizni yo‘qotdik, hamkorlarimiz esa O‘zbekiston banklaridagi $25 mln miqdoridagi investitsiyani kiritmadilar. Xorijiy investor esa shunchaki chiqib ketdi. Bunday vaziyatda iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishni istaydigan odamlar juda kam topiladi.
Bizdan “davlat ehtiyojlari” bahonasida 70 sotix yer tortib olindi. Hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan, shunchaki kelib buzib tashlashdi. Oliy sudgacha borib, 13 mlrd so‘m tovon puli undirish haqida qaror chiqartirishga erishdik. Ammo vaqt o‘tgach, bizga kompensatsiya berish o‘rniga, kadastr bo‘yicha ish ochib, 16 yil oldingi yangi ma’lum bo‘lgan holatlar asosida qarorimizni bekor qilishmoqda. Endi, boshqa muammolar ustiga, 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat bojini to‘lash xavfi ham paydo bo‘ldi.
Yer masalalarini rasmiylashtirish, loyihalarni kelishish, ruxsatnomalar olish — bular haqida uzoq gapirish mumkin. O‘z fuqarolarimizni o‘z yurtida, o‘z mamlakatimizda biznes qurish istagidan sovutib qo‘ymoqdamiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz o‘z brendlarimizni yaratishimiz hamda ularni franshiza ko‘rinishida G‘arbga eksport qilishimiz kerak. Ammo amalda buning tamoman aksi bo‘lyapti.
Tog‘lardagi yer uchastkasini olish uchun ma’muriy jarayon to‘siqlar bilan kechdi. Ba’zan prokuratura yoki biznes-vakil yordam berardi — ular yo bizning foydamizga qaror chiqarishga erishar, yoki o‘zlari idoralarga qarshi da’vo qo‘zg‘atardi.
Ekologiya xizmatlari bilan ozmi-ko‘pmi yaxshi ishladik. Biroq kadastr idoralari, hokimiyatlar, turli erkin iqtisodiy zonalar va jamg‘armalarda to‘la tartibsizlik hukm surdi. Qo‘limda 4 gektarlik yer kadastri bor edi, lekin uni hech qanday tushuntirishsiz bazadan o‘chirib tashlashdi. Uchastkani esa allaqachon boshqa birovga berib yuborishgan. Necha yillardan beri Toshkent viloyati kadastr idorasiga kelib-ketaveramiz, u yerda esa shunchaki ko‘z bo‘yamachilik qilishadi.
Biz qurilish jaryonida, qurilish chiqindilari masalasini tizimli ravishda hal qilardik. Barcha chiqindilarni to‘g‘ri utilizatsiya qilishning o‘nlab usullari bor. Masalan, chuqurlar qazib, ularni beton bilan o‘rab, qurilish chiqindilari bilan to‘ldirish, so‘ngra ustiga biogumusli tuproq qatlamlarini yotqizib, maydonlarni unumdor yerlarga aylantirish mumkin. Bu joylarda uzumzorlar, mevali bog‘lar, shuningdek, o‘t-o‘lanlar yetishtirardik.
Keyinchalik chiqindi tashish bilan bog‘liq alohida muammo yuzaga keldi. 2015-yilda YHXBning boshlig‘i bizning to‘xtash joyimizni to‘sib qo‘ydi — o‘n kun davomida chiqindi tashuvchi mashinaning yaqinlashishiga ruxsat bermadi.
Yaqinda Ekologiya vazirligi yonbag‘irlarning ifloslanish ko‘lamini ko‘rsatib berdi. Bunga kim aybdor? Biznes faqatgina o‘z hududiga javobgar, xolos. Qolgan barcha masalalar uchun davlat mas’ul bo‘lishi lozim. Bunda rasmiyatchilikka emas, balki tizimli yondashuvga, muhandislik yechimlari hamda tegishli infratuzilmaga e’tibor qaratish kerak.
Baxtimizga, kanalizatsiya masalasida omadimiz yurishdi — uchastkada markaziy tarmoq mavjud, oqova suvlarimiz hududni sug‘orish uchun ishlatiladi. Men nafaqat yirik loyihalar uchun, balki Chorvoqda faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlar uchun mahalliy tozalash inshootlarini qurish talabini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Bu hatto kichik biznes uchun ham amalga oshirish mumkin bo‘lgan vazifa. Faqat buni biror kishi tegishli tarzda boshqarishi zarur, xolos.
Chorvoq hududining barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun Sea Breeze singari yirik xalqaro loyihalarga tayanishimiz lozim. Biroq, buning samarali bo‘lishi uchun haqiqiy ekspertiza va samarali davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish zarur. Bu vazifani tuzilmalaridan chetlashtirilgan shaxslar emas, balki infratuzilma loyihalarida amaliy tajribaga ega bo‘lgan malakali muhandislar bajarishi kerak. Barcha jarayonlar texnik shuningdek, boshqaruv nuqtai nazaridan puxta ishlab chiqilishi shart.
Sea Breeze ham bundan mustasno bo‘lmasligi kerak. Ularga alohida soliq imtiyozlari yoki shaxsiy yengilliklar kerak emas. Unga ham, boshqalarga ham aslida zarur bo‘lgan narsa — davlatning biznes faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligidir. Shuni anglash kerakki, bu mamlakatda investorlar himoyalangan bo‘lishi lozim. Amaldorlar qonun o‘rniga yuqoridan kelgan ko‘rsatmalarga amal qilar ekan, barqaror investitsiya muhiti hech qachon shakllanmaydi. Sea Breeze ham, boshqa har qanday loyiha ham bitta narsaga ishonch hosil qilishi kerak: agar u halol faoliyat yuritsa, albatta himoya qilinadi.
Albatta, xususiy mulk daxlsiz bo‘lishi shart, shu sababli sudlar to‘lib-toshib ketgan. Busiz birorta ham sayyohlik klasterini barpo etib bo‘lmaydi. Biz nafaqat xalqaro brendlarni, balki o‘z milliy brendlarimizni ham himoya qilishni o‘rganishimiz lozim. Ularni byurokratiya, o‘zboshimchalik bilan bo‘g‘ib qo‘ymasdan, aksincha rivojlantirish kerak.
Sea Breeze singari yirik loyihalarning muhokamasi mutlaqo professional darajada bo‘lishi lozim. Bu shunchaki rasmiyatchilik yoki “yig‘ilib, qo‘llab-quvvatladik”, degan gap emas. Jamoat kengashlari hamda ishchi guruhlarida bilimdon, nufuzli va hurmatga sazovor insonlar bo‘lishi shart. O‘zbekistonda bunday odamlar yetarli. Ularning ko‘pchiligi allaqachon hukumatda faoliyat yuritmoqda — aynan shu sababli mamlakatimizda hamon ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, taraqqiyot davom etmoqda.
Balandda tog‘ dam olish zonasining asoschisi.
Sea Breeze loyihasi bilan shaxsan tanish emasman — bu Ozarbayjon brendi-ku. Umuman olganda, tog‘larda yirik turistik loyihalarning ishga tushirilishini ma’qullayman. Tushunishimcha, gap katta majmua haqida ketayapti va bunday loyihalar butun sohaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Raqobat nuqtai nazaridan hech qanday xavotirim yo‘q. Sog‘lom raqobat foydali, deb hisoblayman. Undan qo‘rqish shart emas. Aksincha, shunday afzalliklarni yaratish kerakki, ular siz uchun xizmat qilsin — shunda hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘ladi.
Yagona xavotirli jihat — bu ekologik xatarlar. Bu o‘rinda, albatta, barcha narsa nazoratning qay darajada sifatli tashkil etilganiga bog‘liq. Chunki zarar nafaqat Chorvoqdagi suvga, balki butun hududga ham yetkazilishi mumkin. Qurilish ishlari, beton quyish, daraxtlarni kesish — bularning barchasi ta’sir ko‘rsatadi. Kuzatuv juda sinchkovlik hamda professional yondashuv bilan olib borilishi lozim.
Bitta yirik loyiha yaxshiroqmi yoki o‘nlab kichik loyihalar, bu masalada muvozanatni ma’qullayman, lekin yirik ishtirokchilar albatta zarur. Ular infratuzilmani rivojlantirib, oqimni jalb qilish imkoniyatiga ega. Kichik tadbirkorlarning bunga kuchi yetmaydi — ularda bunday resurslar mavjud emas. Biroq, umumiy reja bo‘lmasa, bularning barchasi tartibsizlikka aylanib ketadi.
Masalan, biz nafaqat Chimyonda, balki butun Bo‘stonliq turistik hududida nima bo‘layotganini mutlaqo tushunmayapmiz. U yerda hozir eski kanat yo‘li yonida ulkan majmua qurilmoqda. Biroq bu nima ekanligi, kim qurayotgani, qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida hech kim tushuntirmayapti.
Ko‘rib turibmizki, qurilish ishlari davom etmoqda, yangi kanat yo‘llari o‘rnatilmoqda, texnika va mehmonxonalar qurilmoqda. Ammo mavjud biznes egalari uchun hech qanday ma’lumot berilmayapti. Bu noto‘g‘ri. Axir biz ham bozorning bir qismimiz — balki eng yiriklari emasdirmiz, lekin ishlaymiz, soliq to‘laymiz. Agar bizni xabardor qilishmasa, hatto eng oddiy ma’lumotlar bilan ham bo‘lishishmasa, bu keyinchalik kelishmovchiliklar hamda muammolarga olib keladi. Barcha uchun.
Tajribamizga kelsak, eng qiyini inson resurslari masalasi bo‘ldi. Mintaqada xodimlar deyarli yo‘q. Toshkentdan kadrlarni olib kelish qimmat, noqulay. Biz o‘z xodimlarimizni noldan boshlab tayyorlaymiz va o‘qitamiz, ammo bu uzoq vaqt talab etadi va katta xarajatlarni talab qiladi.
Infratuzilma alohida muammo. Barcha narsani elektr, suv va kanalizatsiyani o‘zimiz tashkil etdik. Davlatdan hech qanday yordam olmadik. Hatto, elektr uzilganda ham ishimiz to‘xtab qolmasligi uchun zaxira elektr liniyasini ham o‘zimiz o‘tkazdik. Yo‘lni ham o‘z mablag‘imiz hisobidan asfaltladik. Bizga hech kim yordam bermadi.
Bunday vaziyatda ayrim o‘yinchilarga davlat o‘z hisobidan infratuzilmani yetkazib berishi va ishlarni moliyalashtirishi, kichik va o‘rta o‘yinchilarga esa hamma narsani mustaqil va o‘z hisobidan bajarishga to‘g‘ri kelishi ayniqsa adolatsizlikdir. Ular uchun bu ancha mushkul va qimmatroq, lekin aynan yirik loyihalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qani bu yerda adolat?
Chiqindi bilan ham muammo bor. Hozirda xususiy kompaniyalar bor-u, ammo ularning deyarli barchasi beqaror ishlaydi. Goh kelmaydi, goh narxi qimmat. Tog‘larda esa chiqindi rostdan ham ko‘p. Nafaqat Chorvoq atrofida, balki Chimyonda ham. So‘nggi yillarda ahvol biroz yaxshilanib, tozalanayotganga o‘xshaydi, lekin barqarorlikka erishish uchun hali ancha bor. Chiqindi tashish — bu doimo qimmat, murakkab va uzluksiz jarayon bo‘lib qolaveradi.
Biz markaziy kanalizatsiyaga ulanganmiz, lekin bu yerda ham hamma narsani o‘zimiz amalga oshirganmiz. Ulanish nuqtasini topib, quvurlarni o‘tkazdik, uladik — barchasi o‘z mablag‘imiz hisobidan. Ya’ni, rasman kanalizatsiyaga ulanish bor, ammo amalda hech kim yordam bermaydi. Kichik biznesga tozalash inshootlarini o‘rnatish kerakligini aytishadi — buni amalga oshirish qiyin. Bu qimmat, shu jumladan xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham arzon emas. Odatda bularning barchasi “xo‘jako‘rsinga” o‘rnatilishi bilan yakunlanib, hech kim nazorat qilmaydi, ishlamaydi. Pul esa behuda sarflanadi. Biz buni qila oladigan firmalarni izladik — ular juda kam va narxlari ham baland.
Joy kelajagi haqida avval ham aytganman: rejalarni baham ko‘rish kerak. Bosh reja, loyihalar, o‘zgarishlar — bularning barchasi muhim hamda biznes bulardan xabardor bo‘lishi lozim. Biz imtiyozlar so‘ramayapmiz, faqat hamma moslashishi uchun qayoqqa yo‘nalayotganimizni tushunishni xohlaymiz. Albatta, va’dalarni bajarish ham muhim. Soliqlar bo‘yicha, masalan, bizga haligacha QQS qaytarilmadi, garchi hujjatlarda bu majburiyat hisoblansa ham.
Quyosh panellari uchun imtiyozlar haqida ko‘p gapirildi — amalda esa ularni olish deyarli imkonsiz. Bularning barchasi yig‘ilib boraveradi, siz esa shunchaki taslim bo‘lasiz va u bilan shug‘ullanishni to‘xtatasiz.