Joriy yilning mart oyida Toshkentda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlangan edi. Transport vazirligi matbuot xizmati, o‘tgan davr mobaynida qancha yo‘lovchi jarimaga tortilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 4090 nafar qoidabuzarlarga nisbatan ma‘muriy choralar ko‘rilgan.
Tegishli tashkilotlar tomonidan poytaxt avtobuslarida yo‘l haqqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etayotgani qo‘shimcha qilindi.
2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. To‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi hamda uni naqd pulda amalga oshirish uchun QR-chiptalarni tegishli to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin. Agar infokiosklarda QR-chipta chiqmay qolsa, uni rasmga olib, avtobusda skanerlash mumkin.
Undan keyin, Transport nazorati inspeksiyasi yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishini ma’lum qildi. Biroq, Transport vazirligi bu xabarni rad etib, jarima faqat chiptasiz yurish holatida qo‘llanilishini bildirdi.
Yanvar-fevral oylarida avtobuslarda yo‘l haqini amalga oshirmagan yoki chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Shunga qaramay yo‘lovchilar orasida yo‘l haqini qasddan to‘lamaslik holatlari ko‘payayotgan.
14-martdan boshlab yo‘l haqini to‘lamagan yoki chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga BHMning 10%i (ilgari 37 500 so‘m, 1-avgustdan boshlab 41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanila boshlandi.
Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand pulli avtoyo‘li bo‘yicha tender yakunlangani haqida yozgandi. Ilhom Mahkamov uzoq vaqt davom etgan xalqaro tanlov g‘olibi bilan yakuniy muzokaralar olib borilishini ma’lum qildi. 2025-yilda qurilishni boshlash rejalashtirilgan.