Toshkent viloyatida Germaniya ishtirokida chiqindini qayta ishlash zavodi qurilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

6-avgust kuni Frankfurtdagi O‘zbekistonning konsullik binosida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida investitsiyaviy muzokaralar tashkil qilindi.

Uning doirasida viloyat hokimi Germaniyaning AMK Global GmbH moliya kompaniyasi rahbari Andreas Karsten hamda xususiy vinochilik kompaniyasi rahbari, Kegler brendi asoschisi Ferdinand Kegler bilan muzokara o‘tkazdi.

Muloqotda Toshkent viloyatida Germaniya va Yevropa innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda chiqindini qayta ishlash zavodini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar viloyatda vinochilikni rvojlantirish borasida tajriba almashish hamda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi.

chiqindini qayta ishlash, germaniya, toshkent viloyati, chiqindilar, zoir mirzayev

Joriy yilning mart oyida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori bilan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida chiqindi yoqish zavodlari qurilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2030-yilga qadar qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 50% ga qisqartirish, buning uchun ular negizida chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish sanoat zonalarini tashkil etish maqsad qilingan.

Iyul oyi boshida Andijon viloyatida China International CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan zavod qurilishiga start berildi. Xuddi shunday loyiha Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi ishtirokida Samarqandda ham boshlandi. Loyihalarning umumiy qiymati $290 mlnni tashkil etadi.

Avvalroq 1-avgustdan chiqindidan qarzdorligi bor fuqarolarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida xabar berilgandi.