O‘zbekistonda yoz faslida “tonirovka"ga arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan qaror loyihasida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, M1 (yengil avtomobillar) toifasiga kiruvchi avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1-maydan 31-avgustgacha beriladigan ruxsatnomalarni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Buning uchun to‘lov miqdori quyidagicha etib belgilanadi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar uchun — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida;
  • O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m) miqdorida.

2022-yil 1-iyuldan boshlab avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul bo‘ldi va buning uchun ruxsatnoma olish yig‘imi bekor qilindi. Shuningdek, old oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnoma to‘lovi keskin kamaydi: barcha jismoniy shaxslar uchun bu to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 45 baravaridan 8 baravarigacha tushirildi.

2024-yil iyulida Strategik islohotlar agentligi avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsatnoma olish narxi 8 BHM, bunday ruxsatnoma bo‘lmagani uchun jarimani esa 25 BHM miqdorida oshirishni taklif qildi. Qozog‘istonda xuddi shunday qoidabuzarlik uchun ma’muriy jazo 468 ming so‘mni, Belarusda 138 ming so‘mni, Rossiyada esa 60 ming so‘mni tashkil etadi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligini buzganlik uchun jarimalar ruxsatsiz oynalarni qoraytirganlik uchun jarimalardan ko‘ra ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.

Texnik reglamentni buzgan holda yoki ko‘rish maydonini cheklagan tarzda tonirovka qilingan avtomobillar uchun, ruxsatnomaga ega bo‘lganlar bundan mustasno, birinchi marta 0,5 jarima balli, takroriy huquqbuzarlik uchun esa 1 ball beriladi.


Avvalroq Spot yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari qanday belgilanishi haqida yozgandi. Joriy yilning birinchi olti oyi davomida yengil avtomobillar savdosining jami hajmi taxminan 446 ming donadan iborat bo‘ldi, bu esa 2024-yilning shu davriga nisbatan 23%ga kamdir.