O‘zbekistonda tabiiy gaz, issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalar ajratish 2029-yilgacha davom etadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda subsidiyalarning umumiy hajmi 28,4 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Keyingi uch yilda bu miqdor 30 trln so‘mdan oshishi mumkin.

Eng ahamiyatli qism “ijtimoiy muhim subsidiyalar” hisoblanadi. Bu yil ularga 22,4 trln so‘m, ya’ni barcha subsidiyalarning taxminan 80%i ajratiladi. 2026-yilda subsidiyalar uchun 23 trln so‘m, 2027-yilda 23,5 trln so‘m, 2028-yilda esa 24,2 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda.

Barcha subsidiyalarning deyarli yarmi energetika sohasiga to‘g‘ri keladi — bu 12,3 trln so‘mni tashkil etadi.

2025-yil uchun “ijtimoiy ahamiyatga ega subsidiyalar” tarkibi quyidagicha:

  • nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari — 3,8 trln so‘m;
  • ipoteka kreditlari uchun davlat subsidiyalari — 2,5 trln so‘m;
  • jamoat transporti zararini qoplash — 2,2 trln so‘m;
  • issiqlik ta’minoti korxonalarining zararini qoplash — 4,8 trln so‘m;
  • gazni sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash — 7 trln so‘m;
  • elektr energiyasini sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash — 0,5 trln so‘m.

elektr energiyasi, energetika, gaz, issiqlik ta’minoti, subsidiya

2026-yildan boshlab elektr energiyasiga subsidiyalar ajratish ko‘zda tutilmayapti.

Biroq, hukumat 2029-yilgacha gaz, isitish va issiq suvni subsidiyalashni davom ettirmoqchi. Subsidiyalar hajmi asta-sekin kamaytiriladi: gaz bo‘yicha 2025-yildagi 7 trln so‘mdan 2028-yilda 5 trln so‘mgacha, issiq suv va isitish bo‘yicha esa 4,8 trln so‘mdan 4 trln so‘mgacha pasaytiriladi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar (2028 yilda — 5,5 trln so‘m), ipoteka kreditlari (3,3 trln so‘m) va jamoat transportiga subsidiyalar (2,7 trln so‘m) bosqichma-bosqich oshirilishi prognoz qilinmoqda.

2024-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2028-yildan boshlab davlat budjetidan elektr energiyasi va gaz uchun subsidiyalar ajratishni to‘xtatish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

“2025 va 2026 yillarda bu [subsidiya ajratish] davom etadi, 2027 yilda esa keskin kamayadi. 2028-yil boshidan boshlab subsidiyalar budjetdan berilmaydi”, — deya ta’kidladi u.

Iyul oyida Issiqlikta’minoti boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev 2030-yilga borib O‘zbekistonda isitish va issiq suv uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.