Navoiy viloyatida 2025-yilning 6 oyida investitsiya hajmi $643 mlnga yetdi, eksport $635 mlndan oshdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maʼlum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, viloyatida $550 mlnlik yangi quvvatlar, 1 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirilgan. O‘zbekistondagi qazilma boyliklarining 20%i, yaylovlarning 43%i shu hududda joylashgan.
Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.
Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar $566 mln sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trln so‘mga, eksport $100 mlnga ko‘payishi kutilmoqda.
Masalan, Nurota tumanida 750 mln kub metr granit toshlari zaxirasini qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.
Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.
Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan taʼminlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.
Viloyatda $1,6 mlrdlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, budjetga 1 trln so‘m tushum va $238 mlnlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.
Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Navoiy viloyatida istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Samarqand viloyatidagi 115 gektar maydonda $472 mlnlik loyihalar bilan sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.