Yaponiyaning Toyota kompaniyasi AQShga avtomobil importi uchun prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan tariflar sababli moliyaviy yilda operatsion foydasi 1,4 trln iyenaga ($9,5 mlrd) kamayishini bashorat qilmoqda. Bu haqda kompaniyaning har choraklik hisobotiga tayanib Asia Nikkei xabar berdi.

Toyota hisob-kitoblariga ko‘ra, butun moliya yili davomida (2026-yil mart oyigacha) kompaniyaning real daromadlari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 44,2% ga pasayadi.

Amerika bojlaridan ko‘rilishi kutilayotgan zarar 9,5 mlrdni tashkil etadi, bu avvalgi hisobotda ko‘rsatilganidan yetti baravar ko‘p.

Kompaniya bu haqda xabar berar ekan, shu bilan birga sof foyda prognozini 14% ga pasaytirib, 2,6 trln iyenaga tushirdi.

Kompaniya Vashington va Tokio o‘rtasidagi kelishuvni hisobga oldi, unga ko‘ra yapon avtomobillari uchun tariflar 27,5%dan 15%ga tushirildi (bazaviy stavka 2,5%ni tashkil etadi). Taxminlarga ko‘ra, yangi stavka avgust oyida kuchga kiradi.

Aprel-iyun oylari davomida Toyota kompaniyasining sof foydasi 841 mlrd iyenani (taxminan $5,42 mlrd) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,9% ga kamaydi.

Bunga aprel oyida joriy etilgan qo‘shimcha 25%lik bojxona tarifi, shuningdek, iyena kursining mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatdi. Chorak davomida kompaniyaning operatsion foydasi 10,9%ga pasayib, 1,1 trln iyenaga tushdi. Shu bilan birga, daromad 3,5% ga oshib, 12 trln iyenaga yetdi.

Ta’kidlanishicha, Shimoliy Amerika Toyota uchun asosiy bozor bo‘lib qolmoqda, u choraklik sotuvlarning taxminan 33%ini ta’minlaydi, keyingi o‘rinlarda Yaponiya (20%) va Osiyoning qolgan qismi (17%). Tariflarga qaramay, Yaponiyadan AQShga eksport may oyida 22,9% ga (41 573 donagacha), iyun oyida 15,9% ga (52 745 donagacha) oshdi.

Tariflarga qarshi turish uchun kompaniya AQShdagi ishlab chiqarish quvvatlaridan maksimal darajada foydalanmoqchi. Bundan tashqari, iyun oyida Toyota 1-iyuldan boshlab ishlab chiqariladigan modellar uchun AQShda avtomobillar narxi o‘rtacha $270ga oshishini e’lon qildi.


Avvalroq Spot Toyota qariyb 443 mingta Tundra pikaplarini qaytarib olishi haqida yozgandi.

Qaytarib olishga avtomobillar orqa chiroqlarining namlik tufayli ishdan chiqish ehtimoli sabab bo‘lgan.