Avvalroq prezident raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash imkonini berish — oliy taʼlimda katta sakrash bo‘lganini aytdi. Prezident bu yana-da kengaytirilishini ma’lum qildi.
Endilikda abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Bu davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatning rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar imtihonlar yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali test sinovi topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.
2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.
25-iyuldan oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanladilar. Joriy yilda ham minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi: grant uchun 68 ball, kontrakt uchun esa 56,7 ball. Shuningdek, bakalavriatura va magistratura uchun qabul kvotalari belgilandi.
Avvalroq Spot talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi.