Dehqonobod kaliy zavodi xususiylashtirildi. Bu Korporativ axborot yagona portalidan ma’lum bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bitim haqida rasman e’lon qilmagan.

8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida ustav kapitali 2,6 trln so‘m bo‘lgan Dehqonobod kaliy zavodining 100% ulushini Asian Chemical Group kompaniyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bungacha zavodning yagona ta’sischisi O‘zkimyosanoat davlat korxonasi bo‘lgan.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Asian Chemical Group 2024-yil noyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 19,6 mln so‘m bo‘lgan kompaniya azotli aralashmalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Asosiy ta’sischisi — OV Industrial Investments L.L.C-FZ (51%), ikkinchisi — New Industrial Technologies (49%). Rahbari sifatida Valiullin Ilgiz Azatovich ko‘rsatilgan.

Fevral oyida Ilgiz Valiullin Asian Chemical Group direktori sifatida Dehqonobod kaliy zavodi kuzatuv kengashi tarkibiga kiritildi.

OV Industrial Investments L.L.C-FZ BAA erkin iqtisodiy zonalaridan birida ro‘yxatdan o‘tgan. Rossiyada xuddi shu nomdagi yuridik shaxs — Rossiyaning VSMPO-Avisma metallurgiya kompaniyasiga aloqador Promishlenniye investitsii (Промышленные инвестиции) MCHJ ro‘yxatga olingan.

2024-yil aprel oyida New Industrial Technologies Paynet to‘lov xizmati operatorini (100%) xususiylashtirdi. Uning yagona ta’sischisi va direktori Mustafa Orazbayevich Abdraxmanovdir.

O‘tgan yil bahorida Shavkat Mirziyoyev yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagan edi. Dehqonobod kaliy zavodini (100%) 2024-yilning IV choragida ommaviy savdolarga chiqarish topshirildi.

Dehqonobod kaliy zavodi prezidentning 2007-yil 1-maydagi qarorlariga muvofiq qurilgan. Qurilishning umumiy qiymati $128,2 mlnni tashkil etdi. Moliyalashtirish manbalari — dollardagi kreditlar: O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ($61,7 mln), Xitoy Eksimbanki — $41,7 mln, Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — $24,8 mln.

Avvalroq Spot O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabankni xususiylashtirish 2025-yildan keyinga qoldirilgani haqida yozgandi. Bundan tashqari, O‘zmilliybank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki va Biznesni rivojlanish bankini 2028-yilgacha sotish rejalashtirilmagan.