Buxoro neftni qayta ishlash zavodi AI-92 markali benzinning ulgurji narxlarini pasaytirdi, deya xabar bermoqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati.
Birja savdolarida bir tonna yoqilg‘ining boshlang‘ich narxi 1,9% ga — 12,881 mln so‘mdan 12,628 mln so‘mgacha pasaydi. Birjada bir litr benzin 9400 so‘mni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, bunga ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va “tannarxni pasaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar” imkon bergan. Zavod yoqilg‘i chiqarishni ko‘paytirdi va uning narxini pasaytirishga erishdi.
Joriy pasayish yoqilg‘i bozori barqarorligini saqlash strategiyasi doirasidagi ishlarning birinchi bosqichi bo‘ladi, deya ta’kidladi O‘zbekneftgaz." Davlat kompaniyasi ichki bozorni rivojlantirish uchun kelgusida yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirishga va’da berdi.
Iyul oyida O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.
Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytiradi va 2026-yildan boshlab AI-92 va AI-95 benzinini sotishga to‘liq o‘tadi.
O‘tgan yilning oktabr oyida O‘zbekneftgaz AI-92 markali benzinni tovar-xomashyo birjasiga chiqarishni boshladi. Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish strategiyasiga amal qilishga va’da berdi.
Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Avvalroq Spot Rossiyadan benzin eksportining taqiqlanishi O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmasligi haqida yozgandi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, cheklovlar mayda importchilarning bozordan chiqib ketishi tufayli yoqilg‘i narxining oshishiga olib keladi.