Spot avvalroq Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida energetika tizimining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berilgani haqida yozgandi. Bu yil 374 km tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 km tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning qayd etishicha, poytaxtning har bir tumani kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, ularning hajmi va mas’ul ijrochilar belgilanib, bu maqsadlar uchun qariyb 1,8 trln so‘m ajratildi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtning 2030-yilgacha bo‘lgan elektr energiyasi ta’minotidagi muammolari va yechimlar muhokama qilinganini ta’kidladi. Xususan, iqtisodiyot, qurilish hamda xizmatlar sohasida yuklamaning oldini olish, qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratishdagi muammolar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qurilish va Energetika vazirliklari hamda hokimlik va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida Toshkentning energiya tarmog‘i, jumladan, transformatorlar, podstansiya ham elektr kabellari inventarizatsiya qilinib, ularning yuklamalari o‘rganilgan.
“Prezidentimiz 2025−2026 yillarda amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya, tarmoq tortish, yangi podstansiyalar qurish hamda yuqori kuchlanish bilan ishlayotganlarini ta’mirlash, shuningdek, ularning quvvatini oshirish borasidagi takliflarimizni tasdiqladi. Loyihalarning qiymati $200 mlndan ortiqni tashkil etib, prezident tomonidan uning manbalari belgilab berildi”, — dedi Shavkat Umurzakov.
Poytaxt hokimining qayd etishicha, yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar qurilish poydevoridan tortib ishlar yakunigacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Shuningdek, u ishlar bosh reja asosida amalga oshirilishi belgilanganini ta’kidladi.
Hozirda Toshkentdagi 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtda elektr iste’molchilari yana 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6% o‘sgan.
Shu bilan birga, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kungacha cho‘zilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida iste’mol miqdori 900 mln kVt/soatdan oshgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yirik AES qurish loyihasi doirasida o‘rganish ishlari boshlangani haqida yozgandi. Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev mamlakat energiya tizimiga yirik AESni “qisqa vaqt ichida” qo‘shish uchun barcha imkoniyatlar o‘rganilishini qayd etdi.