Toshkent viloyatida joylashgan Uch qahramon savdo majmuasida yirik yong‘in yuz berdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 11-avgust kuni soat 02:22 da Toshkent viloyati FVBga bozorda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 02:29 da yetib borib, yong‘inni bartaraf etish choralarini ko‘rgan.

Yong‘inni bartaraf etishga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etildi. Soat 03:24 da qurshab olindi, soat 04:46 da esa o‘chirildi. Hozirgi vaqtga qadar tan jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

UzAning xabar berishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdorlari aniqlanmoqda. Qayd etilishicha, yong‘inning kelib chiqishiga bozorda yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan foydalanilgani sabab bo‘lishi mumkin.

“Bir qarashda bozor qurilishida ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rish mumkin. Do‘konlar o‘rtasidagi to‘siqlar aslida devor bo‘lishi kerak edi, yong‘inga qarshi himoyalanmagani, tez yonish xususiyatiga ega bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirilganligi tufayli alanga bir zumda butun bozorni qamrab oldi”, deyiladi xabarda.

Yong‘in bozor hududining yirik qismini qamrab olgan, ayrim do‘konlar qisman talafot ko‘rgan bo‘lsa, ayrimlari butunlay yonib ketgan.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Kun.uz nashrining o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu yong‘in ko‘plab tadbirkorlarga katta moliyaviy zarar olib kelgan. Ular qatorida kredit va qarz mablag‘lari evaziga faoliyat yuritayotganlar, biznesini endi boshlagan fuqarolar ham bor. Tadbirkorlardan biri bozorda 2009-yildan beri talafot bo‘lmaganini ma’lum qildi.

“Bozorimizda doim svet o‘chadi. Bozor ma’muriyati umuman e’tibor qilmaydi bu narsaga. Hamma narsani o‘zimiz qilamiz. Oddiy kun bo‘ladimi, boshqa kun bo‘ladimi, yarim taraf o‘chadi, yarim taraf yonadi. 50% o‘chirib, 50% yoqib ishlatishar edi. Biz bitta narsani o‘ylayapmiz: yong‘in boshlangan, nima uchun bozor ma’muriyatining kameralari yoniq bo‘lmagan? Nimaga hech kimga batafsil ma’lumot berishmagan? Hech kim bilmagan. Qayerdan, nimadan kelganini bizga baribir tushuntirib berishlari kerak”, — deydi savdogarlardan biri.

Uning qayd etishicha, bozorda kelib chiqqan yong‘in borasida “hozir hech kim hech narsa demayapti”, “Mening o‘zimning bo‘ynimda 300 mln so‘m kreditim bor”, deydi u.

Bundan tashqari, 400−500 mln so‘m kreditga kiyim-kechak sotib olgan yana bir tadbirkor ham xonavayron bo‘lganini bildirdi. Savdogarning so‘zlariga ko‘ra, 300 dan ortiq odamlarning moli yonib ketgan. Ayni paytda IIO xodimlari zarar ko‘rganlardan ariza olmoqda.

Avvalroq Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Yangi savdo rastalarida mahalliy, shuningdek, Belarus, Mo‘g‘uliston hamda Hindistondan keltirilgan mahsulotlar sotilmoqda.