Tarvuz 2025-yilda O‘zbekistonning meva-sabzavot eksportidagi eng asosiy mahsulotlardan biri bo‘lmoqda.
EastFruit mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilning faqat ikki oyi — may va iyun davomida ushbu mahsulotning eksport hajmi natural ko‘rinishda oldingi yillarning yillik ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada oshib ketdi.
Avvalgi bir necha yillarda bo‘lgani kabi bu yil ham O‘zbekistondan yangi hosil tarvuzini ommaviy eksport qilish may oyida boshlandi.
Xalqaro savdo statistikasi va Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy mavsumning dastlabki ikki oyi — 2025-yilning may-iyun oylarida O‘zbekiston 127,4 ming tonna yangi tarvuz eksport qilgan.
Bu 2023-yil yakunlari bo‘yicha o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 22%ga ko‘pdir. Shunday qilib, joriy mavsumning atigi ikki oyida yangi tarixiy maksimumga erishildi.
Eksport geografiyasi esa 2025-yilning may-iyun oylarida ushbu mahsulotlarni yetkazib berish umumiy hajmining 98% dan ortig‘i uch davlat — Rossiya (66 ming tonna), Qozog‘iston (41,9 ming tonna) va Qirg‘iziston (17,7 ming tonna) hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbek tarvuzi eksportining qolgan qismi — umumiy hajmning 1,5%idan kamrog‘i Belarusga (968 tonna), Mo‘g‘ulistonga (618 tonna) va boshqa mamlakatlarga (180 tonna) jo‘natilgan.
Iyun oyida EastFruit O‘zbekistonda tarvuz narxi deyarli uch baravar arzonlashgani haqida xabar bergandi.
23-mayda bir kilogramm tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi 7000 so‘m bo‘lgan, ammo bir hafta ichida 2,8 barobar kamayib, 30-mayga kelib 2500 so‘mga pasaygan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Torpeda navli qovun narxi 2,5 baravar qimmatlagani haqida yozgandi.
O‘tgan yilning shu davrida fermerlar qovunlarni dalalardan kilogrammi uchun 1200 so‘mga sotgan bo‘lsa, hozirda 3 000 so‘mdan jo‘natmoqda.