Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida do‘konlarning 40%i yonib ketdi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent tumani, Sabzavot MFY hududida joylashgan mazkur savdo majmuasining umumiy do‘konlar qurilgan maydoni 20 ming kv.metrni tashkil etadi.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida esa, 12 ming kv.metr maydonda joylashgan savdo do‘konlari yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar aniqlanmadi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Hozirda yong‘in kelib chiqishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, boshqarma tergov organlari yakuniy xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot berilishini qayd etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tadbirkorlarni faoliyat olib borayotgan bozorlardagi bino, inshoot, hudud, savdo do‘konlari va rastalari hamda omborlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

Tekshiruvlar davomida aniqlangan yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi hamda “uzoq vaqtdan buyon” hal etilmayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish so‘ralmoqda.

11-avgust kuni soat 02:22 da Toshkent viloyati FVBga bozorda yong‘in to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 02:29 da borib, yong‘inni bartaraf etish choralarini ko‘rgan.

UzAning xabar berishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdorlari aniqlanmoqda. Qayd etilishicha, bozorda yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan foydalanilgan.

Bozorning yong‘inga qarshi himoyalanmagani, tez yonish xususiyatiga ega bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirilganligi tufayli alanga bir zumda butun bozorni qamrab olgan. Savdogarlarning ma’lum qilishicha, yong‘in oqibatida 300 dan ortiq tadbirkorning moli yonib ketgan. Ayni paytda IIO xodimlari zarar ko‘rganlardan ariza qabul qilmoqda.

Avvalroq Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Yangi savdo rastalarida mahalliy, shuningdek, Belarus, Mo‘g‘uliston hamda Hindistondan keltirilgan mahsulotlar sotilmoqda.