Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida tadbirkorlar tomonidan bir xil raqobat muhitini yaratish va shaffof mexanizmni joriy etish takliflarini bildirayotganini qayd etdi. Bugungi kunda xufiyona va qonuniy ishlayotgan tadbirkorlar o‘rtasida teng raqobat yo‘q.
Vahabovga ko‘ra, qonuniy ishlaydigan tadbirkorlar norasmiy faoliyat olib borayotgan biznes uchun qonuniy ravishda choralarni kuchaytirishni taklif qilmoqda. U buni qurilish sohasi misolida tushuntirdi.
“Masalan, betondan qurilgan uy-joylarimizning bir kv.metri yerning narxini hisobga olmaganda 4,6 mln so‘mni, g‘ishtli uylar esa 5,5−6 mln so‘mni tashkil etadi. Tadbirkor mijozga shu uyni sotadigan bo‘lsa, davlatga to‘lanmagan soliq natijasida uyning narxini chegirma bilan taqdim etadi. Lekin u mahsulot tannarxidan emas, balki budjetga to‘lanishi kerak bo‘lgan soliqlar hisobidan imtiyoz beradi”, — dedi u.
Savdo-sanoat palatasi raisi prezident huzuridagi xufiyona iqtisodiyot qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida ham “juda yuqori” ekanligi qayd etilganini aytdi. Masalan, mavjud transport kompaniyasida 150 ta avtomobil bo‘lishiga qaramay, faqat 15 nafar ishchi rasmiy ravishda ro‘yxatga olingan.
Davlat rahbari bunday kompaniyalar uchun rag‘batlantiruvchi mezonlarni ko‘paytirish, aylanma mablag‘lar uchun arzon kredit yoki boshqa imtiyozlar berish hamda ishchi o‘rinlarini ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Davron Vahabov ishlab chiqilgan takliflar tadbirkorlar uchun ijobiy natija berishini qayd etdi. Soliq to‘lovlarining ijobiy natijasini har bir tadbirkor o‘zi yashayotgan mahallasida yo‘l, asfalt, bog‘cha hamda maktablar qurilishida ko‘rishi mumkin.
“Tadbirkor mehnati e’tirof etiladigan mexanizm yaratilib, ular namunali soliq to‘lovchi yoki ijtimoiy tadbirkor, kabi yo‘nalishlar bo‘yicha targ‘ib qilinadi”, — dedi u.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. 2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Joriy yilning olti oyida esa kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 265 trln so‘mdan ortiqqa yetdi. Shundan 75% dan ortig‘i — 201,28 trln so‘mi norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilmoqda.
Prezidentning iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov hozirda mamlakatdagi korxonalarning 22%ida norasmiy ishchilar mavjud ekanligini ta’kidladi.
Umumiy ovqatlanish sohasida norasmiy ishchilar soni yuqori — 39%. Undan keyingi o‘rinlarda qurilish (29%), qishloq xo‘jaligi (25%) hamda savdo (17%) sohalari bor. 18% holatda tadbirkorlar soliq va boshqa to‘lovlardan qochish maqsadida ish haqini konvert usulida to‘laydi. Ular buni xarajatlarning pastligi, ishdan olish va bo‘shatishning osonligi hamda mavsumiy ishchilarni tez topish mumkinligi bilan izohlagan.
Spot, avvalroq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga alohida huquqiy rejim joriy etilishi haqida yozgandi.