Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash bo‘yicha beshta asosiyi yo‘nalish tanlab olinganini ma’lum qildi. Ulardan biri — soliq to‘lovchilarga yengillik yaratish va ularning masʼuliyatini oshirish, ikkinchisi esa soliq maʼmurchiligini takomillashtirishdir.
Taʼkidlanishicha, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash yoki ularni to‘lamaslik holatlari bo‘yicha bir qator takliflar berilgan. Soliq kodeksi bo‘yicha kameral soliq nazorati mavjud, bunda soliq organlarida mavjud hamda ular tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliq majburiyatini bajarish bo‘yicha tahlil qilinadi.
Ayrim holatlarda tegishli maʼlumotlar kameral soliq nazorati natijasida bartaraf qilinmasa, soliq auditi o‘tkazilib, ularga jarimalar qo‘llashga sabab bo‘lardi.
“Biz soliq to‘lovchilarga xato-kamchiliklarini bartaraf qilish maqsadida, qo‘shimcha maʼlumotlar soliq organlarida mavjud bo‘lmasa, shaxsiy kabinet orqali olib, ularni bartaraf qilib, qo‘shimcha jarimalar qo‘llanilishining oldini oladigan tartiblarni taklif qildik”, — deydi Mubin Mirzayev.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari soliq maʼmurchiligi bo‘yicha berilgan taklifga to‘xtalib o‘tdi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda 2,5 mingdan oshiq soliq organlari yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha resurslarni sarflayapti. Bu tartibni billing tizimiga integratsiya qilish orqali maʼmurchilikni yengillashtirish va ushbu vazifalardan bo‘shagan mutaxassislarni qo‘shilgan qiymat solig‘i maʼmurchiligiga yo‘naltirish belgilanmoqda.
Mubin Mirzayev bu o‘zgarishlar mutaxassislar xavflar yuqori bo‘lgan korxonalar bilan birga ishlab, ularni soliq majburiyatlarini ijro etish va xavflarni pasaytirish jarayonlarini amalga oshirishlariga yordam berishini aytdi.
“Bu, birinchi navbatda, yirik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfini oldini oladi va byudjetga tushumlarni oshiradi, ikkinchi navbatda esa xufiyona ishlaydigan korxona va tashkilotlarni to‘g‘ri ishlashga majburlaydigan tizim bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qilgan Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.
Iyun oyida Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Hujjatda asosiy e’tibor naqdsiz hisob-kitoblar tizimini rag‘batlantirish, qonuniy faoliyatni yo‘lga qo‘yish orqali aholiga rasmiy ish haqi berish va hozirgacha hal qilinmagan boshqa muammolarni yechishga qaratilgan.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi. Joriy yilning olti oyida esa bu 265 trln so‘mdan ortiqqa yetdi.
Spot, avvalroq, rasmiy ishlayotgan tadbirkorlar xufiyona biznes ustidan choralarni kuchaytirishni so‘rayotgani haqida yozgandi.