Toshkentning ayrim ko‘chalarida avtomobillar uchun belgilangan tezlikni o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, poytaxtdagi yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish, tirbandlik va yo‘l transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatlanishni joriy etish taklifi bildirildi.

“Toshkent shahrining Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa avtomobil yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun cheklangan yuqori tezlikni 80 kilometrga oshirishni taklif qilyapmiz”, — dedi Elmurod Alimov.

svetofor, tezlik, toshkent shahri, transport, yhxb, yhxx, yo‘l harakati

YHX boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari so‘nggi oylarda poytaxt elektr energiyasida kuzatilayotgan muammolar natijasida svetoforlar ishlamay qolayotganini hamda tartibsizliklar yuzaga kelayotganini ta’kidladi. Xususan, elektr ta’minotidagi kamchiliklar ortidan 5−6, ba’zan 8 soatlab svetoforlar ishi cheklanib qolmoqda. Oqibatda inspektorlarning jismoniy kuchidan foydalanilmoqda.

Ushbu muammoni hal qilish hamda svetoforlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida Alimov poytaxtning 500 ta markaziy chorrasidagi obyektlarga UPS moslamasini o‘rnatishni taklif qildi. Uning qayd etishicha, bu elektr energiyasi o‘chib qolgan taqdirda quvvatni 5−6 soatgacha oshiradi.

Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan islohotlar yig‘ilishda aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekani, chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish ishlari sustligi tanqid qilingandi. Yo‘llardagi kameralar faqat qoidabuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayapti. Bu kameralar aslida transport oqimini boshqarish, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Shaharlarda ruxsat etilgan tezlik chegarasi 2023-yilning aprel oyida hukumatning tegishli qarori bilan 70 dan 60 km/soatga tushirilgandi.