Andijonda soliq tadbirkorga yuborgan 157 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Tadbirkor Virtual ofis orqali yo‘llagan murojaati Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan o‘rganilgan. Murojaatda tadbirkor o‘zining faoliyatida o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasidan noroziligini bildirgan.
Aniqlanishicha, tekshiruvda tadbirkorga nisbatan QQS, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha jami 6,5 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan. Biroq soliq boshqarmasi tomonidan texnik xatolik bilan 164,1 mlrd so‘mlik talabnoma yuborilgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlarining aralashuvi natijasida tadbirkorning 157,6 mlrd so‘mlik xatolik bilan hisoblangan qarzdorligi bartaraf etildi.
Iyul oyida Soliq qo‘mitasi Lactalis’ga nisbatan Soliq kodeksining 2271-moddasi bo‘yicha 5,4 mlrd so‘mlik jarimani bekor qilgani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, tadbirkorlar faoliyati tekshirilganda Biznes-ombudsman xabardor etilishi haqida yozgandi. Bunda tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan holatlarda, tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida Biznes-ombudsman xabardor etiladi.