Avvalroq prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda davlat rahbari ishlab chiqarish va eksportni oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekistonda ip-kalava va matoning narxi asosiy raqobatchilardan o‘rtacha 10−15% yuqoriligiga eʼtibor qaratildi. Sababi — ishlab chiqarayotgan mahsulot tarkibida paxta 90% bo‘lsa, qolganlarda 30−40% i poliester, viskoza, spandeks kabi arzon sintetik matodan iborat.

Dunyoda sunʼiy tola va aralash matoga talab yildan-yilga oshib bormoqda. O‘zbekistonda yiliga 100 ming tonna aralash ip, mato va gazlama import bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan 2028-yilgacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi bo‘lsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.

O‘tgan yilda $5 mlndan ortiq eksport qilgan 55 ta korxonaning har birida kamida 200 nafardan ishchi ishlamoqda. Lekin bu korxonalar asosan viloyat markazlarida va sanoati rivojlangan tumanlarda joylashgan. Ularga ko‘mak berilsa, olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filial ochmoqchi.

Bunga Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yilga 10 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi qoplab beriladi. Buning evaziga korxonalar 200 ta ish o‘rni yaratishi va munosib ish haqi to‘lashi kerak.

Mutasaddilarga ushbu rag‘batlarni ishga solib, joriy yilda 20 ta, keyingi yilda yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalarini ishga tushirish topshirildi. Bu ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi.

Yevropa va AQSh bozoriga tayyor kiyim-kechak eksportini kengaytirish, tarmoqda standartlashtirish va raqamlashtirish ishlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi. Texnik tartibga solish agentligiga xalqaro sertifikati bor korxonalarni 300 taga yetkazish topshirildi.

Tashqi ishlar vazirligiga aylanmasi $1 mlrddan katta brendlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xarita"sini ishlab chiqish va sentabr oyida Toshkentda bo‘ladigan yirik ko‘rgazmaga ularni taklif qilish topshirig‘i berildi.

AQShda yiliga qariyb $100 mlrdlik tekstil bozori bor, muqobil qo‘llab-quvvatlash choralari orqali ushbu mamlakatga eksportni 5−6 karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Sent-Luis va Nyu-York shaharlarida 2 ta savdo uyini ochish topshirildi.

Korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy qilish orqali daromadni 20−30% ga oshirish, faoliyatni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyot omilini kamaytirish mumkin.

Bu borada to‘qimachilik korxonalariga ERP tizimini joriy qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Korxonalarni ushbu tizimga o‘rgatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgandi. Unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.