Ijtimoiy tarmoqlarda Soliq qo‘mitasi tadbirkorlar hisob raqamidan pul yechib olayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan qo‘mita matbuot xizmati izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, my3.soliq.uz tizimda texnik nosozlik kuzatilmoqda.

Shu bois solishtirma dalolatnoma bo‘yicha vaqtincha noto‘g‘ri maʼlumotlar (soliq qarzdorligi paydo bo‘lishi, mablag‘ yechib olinishi va hokazo) aks etishi mumkin.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, vaziyat nazoratga olingan. Hozirda mutaxassislar mazkur muammoni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Nosozliklar hal etilgach, barcha maʼlumotlar tiklanadi, noto‘g‘ri yechilgan mablag‘lar qaytariladi.

Bundan tashqari, pulni qaytarish uchun yozma murojaat qilish talab etilmasligi, mablag‘lar avtomatik tarzda qaytarilishi qo‘shimcha qilindi.

Avvalroq Andijonda soliq tadbirkorga yuborgan 157 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilingani haqida xabar berilgandi.