YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga davlat hamda moliyaviy xizmatlarni onlayn tarzda ko‘rsatish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu haqda prezidentning “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.
Ushbu qarorning asosiy maqsad va ustuvor vazifalari ham belgilandi. Jumladan:
- yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini rag‘batlantiruvchi raqobatbardosh va shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish;
- maʼmuriy tartib-taomillarning takrorlanuvchi va ortiqcha talablarini bekor qilish;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratish;
- naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun qulay va samarali mexanizmlarni joriy etish.
Qarorga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga davlat va moliyaviy xizmatlarni onlayn tarzda ko‘rsatish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab YTT uchun qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi ham bekor qilingan.
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanadi.
11-avgust kuni prezident tanishgan taqdimotda YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi aytilgan edi. Ular uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiradigan raqamli platforma yaratiladi.
Spot, avvalroq, 2026-yildan YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun aylanma solig‘i 1% gacha pasaytirilishi haqida yozgandi. Shuningdek, chakana savdo qoidalarining majburiy talabi sifatida elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodning mavjudli bo‘lishi belgilanayotgani aytilgan edi.