Avvalroq prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda davlat rahbari topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganilgani aytildi.
“Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda „dolzarb yuz kunlik“ eʼlon qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.
Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi.
Bu orqali klasterlarda yiliga 800 mlrd so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.
Klasterlarga 2022−2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 mlrd so‘mlik penyadan voz kechiladi.
Tijorat kreditidan $2,2 mlrd majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.
Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1% qilib belgilanadi. Bunda, ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90% dan 70% ga tushiriladi.
O‘z xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan to‘qimachilik sohasi korxonalariga xususiy bog‘chalardagi kabi har bir tarbiyalanuvchi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Barcha to‘qimachilik korxonalarini elektr taʼminoti o‘ylantirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan korxonalarga o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi va bu maqsadlar uchun $200 mln kredit resurslari yo‘naltiriladi va stavkaning 10% gacha qismi qoplab beriladi.
“Mana, to‘qimachilik korxonalari uchun bir qator imtiyozlar berayapmiz. Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi”, — dedi prezident.
Hozir 15 ta klasterda tolani qayta ishlash quvvati yo‘q, yana 12 tasining quvvati yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular xomashyosi yetarli bo‘lmagan ip-yigiruv korxonalari bilan samarali kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etildi.
Bunday klasterlarga qo‘shimcha investitsiya qilib, tolani qayta ishlash bo‘yicha yangi loyiha qilish talabi qo‘yilmaydi va jozibador moliyaviy mexanizmlar taqdim etiladi.
Lekin klaster bu tizim asosida tolani qayta ishlashni boshlamasa, keyingi yildan klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit berilmaydi.
Bundan avval, Spot, prezident paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotganganlarni tanqid qilgani haqida yozgandi.