Toshkent shahrida tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i v.b. Allayor Norbo‘tayevga tayanib, Gazeta xabar berdi.
Norbo‘tayevning qayd etishicha, bu prezidentning 2022-yilda qabul qilingan 232-sonli qarorida ko‘zda tutilgan. Shundan kelib chiqib, boshqarma tomonidan poytaxtda tungi avtobus yo‘nalishini joriy etish taklif qilinmoqda.
Unga ko‘ra, 15 ta yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar harakati soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha yo‘lga qo‘yiladi. Oraliq interval esa dastlab yarim soatni tashkil etadi.
Jamoat transporti aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonasi hamda shifoxonalar orqali harakatlanadi.
Norbo‘tayev chipta narxi kunduzgi avtobus narxlari (QR-kod orqali 3000 so‘m, elektron to‘lovlar uchun — 1700 so‘m) bilan bir xil bo‘lishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilinishicha, Turizm komissiyasi tomonidan narxni qimmatroq belgilash bo‘yicha takliflar bildirilgan.
“Biz, Transport boshqarmasi narxlarni bir xil belgilash tarafdorimiz, chunki kechqurun faqat puli bor odam yurmaydi-ku. Puli yo‘q odamlar, masalan, shifoxonaga borishi kerak bo‘lgan yoki oilasi bilan kechki sayrga chiqqanlar yoki o‘z avtomobili o‘rniga [jamoat transportida harakatlanmoqchi bo‘layotganlar] ham bo‘lishi mumkin”, — dedi u.
Allayor Norbo‘tayevning taʼkidlashicha, Toshkent shahri hokimiyati avtobuslarni alohida qizil rangga bo‘yash taklifini bildirgan. Yo‘nalish raqamlari ham T1, T2, yaʼni “tungi avtobus” sifatida belgilanadi.
Bundan tashqari, tungi turizm ko‘chalari bo‘yicha avtobuslarning harakat yo‘nalishi birinchi bosqichda Sergeli, Bektemir, Yunusobod tumanlari hamda boshqa markaziy ko‘chalarni qamrab oladi. Keyingi bosqichda jami 15 ta yo‘nalishda 54 ta avtobus harakatlanadi.
“Mazkur yo‘nalishdagi tushumni hisobga olmaganda, mahalliy budjetga o‘rtacha 33 mlrd so‘m yuklama tushishi mumkin”, — deya xulosa qildi Norbo‘tayev.
2024-yilning noyabr oyida Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollarini o‘rganib, jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazishni taklif qilgandi.
Avvalroq Toshkentda 4 mingdan ortiq yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt avtobuslarida yo‘l haqqini to‘lamasdan harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.